
Vens: Rossiya–Ukraina tinchlik kelishuvi ikki tomonni ham qoniqtirmaydi
11.08.2025 | 13:0013413
AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens tinchlik kelishuvi ikki davlat uchun ham murosali, ammo og‘ir qarorlar talab qilishini aytdi.

J.D. Vensning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida erishilishi mumkin bo‘lgan har qanday kelishuv ikki tomon uchun ham to‘liq qoniqarli bo‘lmaydi. Uning aytishicha, AQSH maqsadi – har ikki mamlakat qabul qila oladigan murosaga erishish.
15 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qiladi. Trampning ta’kidlashicha, taraflar o‘t ochishni to‘xtatishga yaqin turibdi, ammo bu Ukrainadan katta hududlarni berishni talab qilishi mumkin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa mamlakat Konstitutsiyasiga zid ravishda hududiy masalalar bo‘yicha kelishuvga bora olmasligini, ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchilarga «sovg‘a qilmasligini» bildirdi.
Vensning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Putin, Zelenskiy va Tramp ishtirokida uch tomonlama uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ammo u Putin bilan Zelenskiyning Trampdan oldin uchrashishi unumli bo‘lishiga ishonmaydi. Oq uy hozircha Putin so‘ragan ikki tomonlama sammitni rejalashtirmoqda, biroq Tramp har ikki yetakchi bilan birgalikda uchrashish imkoniyatini ham inkor etmagan.





