
Voyaga yetmagan bolalar uchun 40 turdagi yengil mehnat ro‘yxati tasdiqlanadi
20.05.2025 | 13:3028914
O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilar qanday ishlarda faoliyat yuritishi mumkinligi aniq belgilandi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ular uchun xavfsiz va yengil mehnat turlari ro‘yxatini ishlab chiqdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari bajarishi mumkin bo‘lgan yengil mehnat turlari va kasblar ro‘yxati tayyorlandi. Bu ro‘yxat Mehnat kodeksiga muvofiq holda, bolalar sog‘lig‘i va ma’naviy rivojiga salbiy ta’sir qilmaydigan, shuningdek, o‘qish jarayonini buzmaydigan mehnat faoliyatlarini qamrab oladi.
Hujjatda jami 40 ta kasb va ish turi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilar ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qo‘lda joylash va qadoqlovchi, dehqon xo‘jaligi a’zosi yoki yengil yuk tashuvchi sifatida ishlashlari mumkin. Biroq bu ishlar muayyan yosh va jismoniy cheklovlar bilan amalga oshiriladi.
Xususan, 16–18 yoshli o‘quvchilar faqat qo‘lda yuk ko‘tarish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarga jalb etilishi mumkin. Bunda yuk og‘irligi 4,1 kilogrammdan oshmasligi shart. Ularga arava yoki vagonetka bilan yuk tashishga ruxsat etilmaydi.
16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda esa qo‘lda yuk ko‘tarish faoliyati ish vaqtining uchdan bir qismidan oshmasligi lozim. Bu holda o‘g‘il bolalar uchun yuk og‘irligi 6,5 kilogrammdan, qizlar uchun esa 3,5 kilogrammdan ko‘p bo‘lmasligi talab etiladi.
Yangi nizom tasdiqlansa, u barcha tashkilot, korxona va fuqarolarga tegishli bo‘lib, ular mehnat shartnomasi asosida 18 yoshga to‘lmagan ishchilar bilan munosabatlarda ushbu talablarga amal qilishlari shart. Agar bunga rioya etilmasa, javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.





