
Wildberries O‘zbekistonda o‘zining WB Taxi xizmatini yo‘lga qo‘yadi
Kompaniya taksi xizmatini avval ichki «yopiq klub» formatida ishga tushirib, hodimlari va hamkorlari tomonidan sinovdan o‘tkaziladi.

Wildberries O‘zbekistonda o‘zining WB Taxi xizmatini bosqichma-bosqich ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kompaniyaning ta’kidlashicha, dastlab «yopiq klub» formatida amalga oshiriladi. Bu yechim xizmatning texnik elementlarini sinovdan o‘tkazish, foydalanish jarayonini nazorat qilish va dastlabki tajribalar asosida tizimni takomillashtirish imkonini beradi.
Ilk foydalanuvchilar sifatida marketpleys xodimlari va hamkorlari tanlanadi. Ular xizmatning ishlash tezligi, tariflar qulayligi va agregator platformasining barqarorligini amalda baholaydi. Kompaniya har bir safari uchun 50 foiz miqdorida «tarvuz» — Wildberries’ning virtual valyutasida keshbek taqdim etilishini ma’lum qildi. Bu imtiyoz naqd pulsiz to‘lov qilgan barcha yo‘lovchilarga taalluqli bo‘ladi.
Kompaniya WB Taxi xizmati orqali haydovchilar uchun ham raqobatbardosh sharoitlar yaratishni ko‘zlamoqda. Ularga past komissiya, xizmat sifat standartlariga rioya qilingan taqdirda esa smena bo‘yicha kafolatlangan daromad taklif etiladi. Bu, agregator ta’kidlashicha, transport xizmatlari bozorida barqaror ishlash imkonini oshiradi.
WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiyning aytishicha, sinov formatidagi ishga tushirish xizmatni rivojlantirishga strategik yondashish imkonini beradi. Kompaniya tizimning har bir elementini sinchkovlik bilan kuzatib, foydalanuvchilar fikrlaridan kelib chiqib modelni takomillashtirib boradi. Sinov jarayoni xizmatni ommaviy ishga tushirish oldidan asosiy texnik va operatsion muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Kelgusi bosqichlarda WB Taxi xizmat ko‘rsatish hududini kengaytiradi va bozorga bosqichma-bosqich to‘liq formatda chiqadi.





