add

Wizz Air geosiyosiy xavflar sababli Abu Dabini tark etadigan bo‘ldi

14.07.2025 | 17:4015104

Wizz Air 2025 yil sentyabridan boshlab Abu-Dabidagi operatsiyalarini to‘xtatishini e’lon qildi. Kamxarj havo tashuvchisi uchun Yaqin Sharqdagi ikki yillik beqarorlik kompaniyani nafaqat daromaddan mahrum qildi, balki butunlay faoliyatdan voz kechishga majbur etmoqda.

Wizz Air geosiyosiy xavflar sababli Abu Dabini tark etadigan bo‘ldi
Aslida Vengriyada tashkil etilgan va Sharqiy Yevropada faoliyat yurituvchi Wizz Air 6 yil avval Abu Dabida bazasini ochgan, undan mintaqaviy kengayish uchun strategik platforma sifatida foydalanmoqchi bo‘lgandi. Biroq havo makonlarining yopilishi, parvozlar uzilishi va mintaqaga bo‘lgan sayohat talabining keskin tushishi natijasida bu rejalar to‘liq barbod bo‘ldi. Kompaniya rahbari Yojef Varadining aytishicha, endi Wizz Air o‘zining asosiy bozori — Markaziy va Sharqiy Yevropadagi imkoniyatlarga qayta yo‘naladi. Bu yerda u Ryanair bilan raqobat qiladi va so‘nggi yillarda ushbu bozorga yetarlicha e’tibor berilmaganini tan oladi. Endi esa, kompaniya ushbu segmentda faol va samarali o‘sishni qayta boshlamoqchi. London birjasidagi Wizz Air aksiyalari ushbu xabar fonida 2,6 foizga oshdi. Ammo so‘nggi ikki yilda ular 62 foizga arzonlashib ketgan edi. Bu tushish Pratt & Whitney kompaniyasiga tegishli GTF dvigatellari bilan bog‘liq texnik muammolar tufayli ayrim samolyotlarni yerda qoldirishga to‘g‘ri kelgani bilan bog‘liq. Wizz Air hozirda Airbus’dan 280 ta samolyot buyurtma qilgan va ularning aksariyati Markaziy hamda Sharqiy Yevropada faoliyat yuritadi. Britaniya, Italiya va Avstriya kompaniya portfelining 30 foiziini, Abu Dabi esa bor-yo‘g‘i 5 foiziini tashkil qilar edi. Varadining so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqda xizmat ko‘rsatish xarorat va iqlim tufayli qiyin kechadi — bu yerda dvigatellar tezroq eskiradi. Shuningdek, kompaniyaga avval va’da qilingan Hindiston va Pokiston bozorlariga to‘liq kirish huquqi berilmagani ham ular faoliyatini cheklagan. Wizz Air Abu Dabidagi ADQ davlat investitsiya fondi bilan hamkorlikda qo‘shma korxonaga ega edi. Kompaniya sentyabr oyidan bu faoliyatni to‘liq to‘xtatishini rasman ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, Wizz Air Abu Dhabi aviakompaniyasi O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlariga ham kamxarj aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan edi. Sentyabrdan boshlab bu qatnovlar ham bekor qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid