
Xabi Alonso «Real Madrid» bosh murabbiyligidan ketdi
«Real Madrid» klubi Alvaro Arbeloani birinchi jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Bu qaror Xabi Alonso bilan o‘zaro kelishuv asosida hamkorlik uzilgandan so‘ng qabul qilingan.

Madridning «Real» klubi sobiq yarim himoyachisi Xabi Alonso bosh murabbiylik lavozimidan ketganini rasman e’lon qildi. Klub Álvaro Arbeloani birinchi jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Bu qaror Xabi Alonso bilan o‘zaro kelishuv asosida hamkorlik to‘xtatilgandan so‘ng qabul qilingan. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri klub rasmiy bayonotiga tayanib xabar bermoqda.
Alonso «Real»dagi faoliyatini 2025 yilning 1-iyunida boshlagan edi. Bungacha u Germaniyaning «Bayer Leverkuzen» klubi bilan ichki chempionatda dubl qayd etib, katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Madriddagi faoliyati boshida u Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yarim finaligacha yetib bordi va dastlabki 14 ta o‘yinning 13 tasida g‘alaba qozonib, muxlislarda katta umid uyg‘otdi.
Biroq, noyabr oyi boshida «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyat jamoaning inqiroz davrini boshlab berdi. Keyingi sakkizta uchrashuvda «qirollik klubi» bor-yo‘g‘i ikki bor g‘alaba qozondi. Garchi Alonso so‘nggi beshta o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozonib, vaziyatni o‘nglashga harakat qilgan bo‘lsa-da, bu natijalar klub rahbariyatini uning lavozimida qolishiga ishontirish uchun yetarli bo‘lmadi.
Klub rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, Xabi Alonso doimo «Real Madrid» afsonasi va klub qadriyatlarini ifodalovchi shaxs bo‘lib qoladi. Rahbariyat murabbiy va uning shtabiga ko‘rsatgan fidoyiligi va amalga oshirgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Klub bayonotida Alonso uchun Madrid doimo o‘z uyi bo‘lib qolishi alohida qayd etilgan.





