add

Xalqaro brendlarga tegishli qahva uchun import boji bekor qilinadi

Kecha 18:30741 daqiqa

O‘zbekistonda xalqaro brendlarga tegishli qahva importi uchun bojxona boji 0 foizga tushirildi, maishiy tovarlar uchun esa stavkalar pasaytirildi.

Xalqaro brendlarga tegishli qahva uchun import boji bekor qilinadi

O‘zbekistonda xalqaro brendlarga tegishli qahva mahsulotlari uchun import bojxona boji to‘liq bekor qilindi. Shu bilan birga, ayrim maishiy tovarlarning boj stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi. Hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, past bojxona stavkalari qo‘llaniladigan brend mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Asosiy maqsad — xalqaro investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishini oshirish, shuningdek, chakana savdo sohasida yetakchi jahon kompaniyalarini mamlakatga jalb etishdan iborat.

Hujjatda ta’kidlanishicha, ushbu choralar xarid-turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Ya’ni, O‘zbekistonga brend mahsulotlarini sotib olish maqsadida keluvchi sayyohlar oqimi ortishi kutilmoqda.

Pasaytirilgan bojxona bojlari faqat brend egasi yoki uning vakolatli yetkazib beruvchilari — distribyutor, diler, savdo vakili yoki litsenziyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida olib kirilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Yangi ro‘yxatga muvofiq, 0901 TIF TN kodi bo‘yicha qahva va qahva o‘rnini bosuvchi mahsulotlar uchun boj stavkasi 0 foiz etib belgilandi. Shuningdek, ko‘rpa va sayohat pledlari, pardalar uchun bojxona boji 5 foizgacha tushirildi.

Idish-tovoq, farfor va keramika buyumlari, gilamlar, maishiy shamlar, shisha va metalldan tayyorlangan oshxona anjomlari kabi keng iste’mol tovarlari uchun esa 10 foizlik boj stavkasi joriy etildi. Bu o‘zgarishlar ichki bozorda raqobatni kuchaytirish va iste’molchilar uchun sifatli brend mahsulotlarini yanada ommalashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid