
Xalqaro qidiruvda bo‘lgan 12 o‘zbekistonlik BAAdan Toshkentga ekstraditsiya qilindi
25.06.2025 | 22:2012533
O‘zbekiston va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida, Birlashgan Arab Amirliklari politsiyasining ko‘magi bilan, qidiruvda bo‘lgan o‘n ikki nafar shaxs BAA hududidan O‘zbekistonga qaytarildi. bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu operatsiya O‘zbekiston va BAA Interpol Milliy markaziy byurolari hamkorligida, Dubay politsiyasi ko‘magida amalga oshirilgan. Dastlab, turli jinoyatlar sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni topshirish tasdig‘i olingan. Shuningdek, keyingi harakatlarni belgilash uchun kuzatuv guruhi BAAga kelganda uchrashish taklif etilgan.
«Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurosi va Dubay politsiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Birlashgan Arab Amirliklari hududida yashiringan hamda u yerda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik jinoiy unsurlar haqida konstruktiv muhokamalar olib borildi. Uchrashuvning birinchi qismida arab va o‘zbek tomonlari o‘zaro hamkorlikda qidiruvdagi shaxslar hamda gumonlanuvchilar ro‘yxatlarini almashdilar», - deyiladi xabarda.
IIVga ko‘ra, uchrashuvning ikkinchi qismida Interpolning Toshkentdagi Milliy markaziy byurosi xodimlari qidiruvda bo‘lgan o‘n ikki nafar jinoyatchini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
«Bu jinoyatchilar mamlakat sud organlari oldida javob berish va munosib jazo olish uchun topshiriladi», - deya qo‘shimcha qilgan IIV.





