
Xalqaro terroristik tashkilot ta’siriga tushib qolganlar ushlandi
22.08.2025 | 10:4534134
Namanganda «Islom davlati» g‘oyalari ta’siriga tushib, internet orqali ekstremizmni targ‘ib qilgan 21 kishi qo‘lga olindi.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda «Islom davlati» terroristik tashkiloti g‘oyalari ta’siriga tushgan 21 nafar shaxs ushlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh Pop tumani Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi shaxs atrofida shakllangan. U ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy kanallar ochib, terrorchilik tashkiloti g‘oyalarini tarqatib kelgan. Ushbu shaxs Janubiy Koreyada ishlab yurgan Farg‘ona viloyatidagi shaxs ta’sirida diniy ekstremistik harakatlarga jalb qilingani aniqlangan.
Tergovga ko‘ra, ular ota-onalarining roziligisiz shar’iy nikohdan o‘tib, keyinchalik jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlarga ketishni rejalashtirgan. Shuningdek, o‘z qarindoshi va mahalladoshini hamda guruhga jalb qilgan. Ular tuzgan kanallarda terrorchilarning qotillik va qonli jangovar videolar tarqatilgan, davlat tuzumini kuch bilan ag‘darish g‘oyalari singdirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolar bir necha marotaba ogohlantirilgan. Biroq o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmasdan, faoliyatini maxfiy tarzda davom ettirib kelgan. Ushlangan shaxslardan ikkitasi o‘z qilmishlaridan afsusda ekanini bildirib, yoshlarni internetdan to‘g‘ri foydalanishga chaqirgan.
Tezkor tadbir chog‘ida diniy adabiyotlar, axborot tashuvchilar va boshqa ashyoviy dalillar olingan. Namanganlik to‘rt nafar yetakchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1 va 244-2-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan, ulardan ikkitasiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qolgan 17 nafar a’zoga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Namanganda «Islom Davlati Xuroson Viloyati» terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan edi.





