
«Xavfsiz lift» platformasi ishga tushdi — endi har bir lift davlat nazoratida
20.05.2025 | 11:1544634
2025 yil 1 maydan «Shaffof qurilish» tizimida «Xavfsiz lift» elektron platformasi ish boshladi. Yangi liftlar faqatgina ushbu tizim orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylardagi liftlar xavfsizligini ta’minlash va ularning texnik holatini nazorat qilish maqsadida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi tarkibida «Xavfsiz lift» nomli yagona idoralararo elektron platforma ishga tushirildi. Bu tashabbus Prezident topshiriqlari hamda ikki hukumat qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.
Endilikda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi lift uskunalari faqatgina «Xavfsiz lift» tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘nggina foydalanishga topshiriladi. Aks holda binoga foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Platformada ish jarayoni shunday amalga oshadi: buyurtmachi tizimga kirib, liftga oid barcha zarur hujjatlarni — sertifikat, pasport, xizmat ko‘rsatish shartnomasi va boshqalarni yuklaydi. Ariza avtomatik ravishda Sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik qo‘mitasining hududiy bo‘limiga yuboriladi. Mutaxassis lift o‘rnatilgan joyda tekshiruv o‘tkazib, uskuna talablarga javob bersa, «qabul qilish» tugmasini bosadi, aks holda rad etiladi.
Qabul qilingan liftlar davlat ro‘yxatiga kiritiladi va buyurtmachiga QR-kodli ma’lumotnoma yuboriladi. Bu kod lift kabinasida ko‘rinadigan joyga ilinishi shart. Foydalanuvchi smartfon orqali skaner qilganda liftga oid ma’lumotlar — uning o‘rnatilgan yili, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot, so‘nggi texnik ko‘rik natijalari kabi ma’lumotlar namoyon bo‘ladi.
Bundan tashqari, platformada liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning reyestri yuritiladi. Unda kompaniyaning litsenziyasi, amal qilish muddati va mutaxassislar haqidagi ma’lumotlar aks etadi. Kelgusida butun respublika bo‘ylab barcha liftlarni haqiqiy vaqt rejimida kuzatib borish imkoni yaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 13 798 ta lift xatlovdan o‘tkazilgan. Ularning 2 001 tasini yangilash, 382 tasini ta’mirlash zarurligi aniqlangan. Bu maqsadlar uchun 854,6 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Tizimning joriy etilishi orqali liftlar texnik holatining yaxshilanishi, xavfsizlikning oshishi va zamonaviy dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanadi.





