add

Xayriddin Sultonovga O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi

Bugun 17:582 daqiqa

Ma’lum qilinishicha, mukofot yozuvchiga milliy adabiyotga qo‘shgan hissasi, davlat xizmatdagi faoliyati va tavalludining 70 yilligi munosabati bilan berilgan.

Xayriddin Sultonovga O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi© Фото: president.uz

Prezident maslahatchisi — spichrayteri Xayriddin Sultonovga «O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi. Unvon yozuvchining milliy adabiyot va madaniyat rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda ko‘p yillik samarali mehnati e’tirofi sifatida taqdim etildi.

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, mukofot Xayriddin Sultonovga davlat idoralaridagi uzoq yillik xizmat faoliyati, o‘zbek adabiyotini tarixiy va zamonaviy mavzudagi asarlar bilan boyitgani, shuningdek, tavalludining 70 yilligi munosabati bilan berilgan. Uning ijodiy merosi milliy adabiyotda alohida o‘rin egallaydi.

Ma’lumot uchun, Xayriddin Madriddinovich Sultonov 1956 yil 19-yanvarda Toshkent viloyati Qibray tumanida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Faoliyati davomida adabiyot, publitsistika va davlat xizmatini uyg‘un olib borgan ijodkor sifatida tanilgan.

Yozuvchining «Quyosh barchaga barobar», «Bir oqshom ertagi», «Onamning yurti», «Umr esa o‘tmoqda», «Boburning tushlari», «Boburiynoma», «Saodat sohili» kabi qator nasriy asarlari nashr etilgan. Ushbu kitoblar o‘quvchilar orasida keng e’tibor qozongan va adabiy muhitda ijobiy baholangan.

Shuningdek, Sultonov ssenariy muallifi sifatida ham tanilgan. Uning asarlari asosida «Changak», «Moziydan bir sahifa», «Mehrobdan chayon» videofilmlari hamda «Tushlarimda ko‘rib yig‘layman», «Yozning yolg‘iz yodgori» badiiy filmlari suratga olingan. «Sarhovuzning bo‘ylarida» nomli dramasi ham mavjud.

Xayriddin Sultonov avval ham davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Jumladan, u 1996 yilda «Shuhrat» medali, 2003 yilda esa «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.

Teglar

Mavzuga oid