
XDP yo‘nalishsiz taksilar uchun Konstitutsiyaga zid cheklovni bekor qilishni talab qilmoqda
12.06.2025 | 16:2042673
Toshkentda yo‘nalishsiz taksi faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar yangi Konstitutsiyadagi iqtisodiy erkinlik va mehnat huquqlarini buzishi mumkinligi haqida bahslar paydo bo‘ldi.

Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini cheklashga oid joriy etilgan tartib jamoatchilikda keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, haydovchilarga o‘z hududlari va unga tutash hududlardagina taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
XDPning ma’lum qilishicha, mazkur cheklov O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67-moddasida belgilangan iqtisodiy makon birligi, tovar va xizmatlar, mehnat resurslari hamda moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatini buzadi. Shuningdek, davlatning investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash majburiyatiga zid keladi.
42-moddada esa har bir fuqaroga munosib mehnat qilish va kasb tanlash huquqi kafolatlangan. Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar aynan ushbu huquqlardan foydalanmoqda. Ular o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida qonun asosida faoliyat yuritib, tegishli soliqlarni to‘lash orqali qonuniy ishlaydi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi mazkur cheklovni huquqiy asosdan mahrum va Konstitutsiyaga zid deb hisoblamoqda. Shu munosabat bilan Transport vaziridan rasmiy tushuntirish talab qilindi va uni parlament muhokamasiga chaqirish taklif etildi.
Mavjud vaziyat nafaqat mehnat erkinligiga, balki tadbirkorlik muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Cheklovning huquqiy asosi qayta ko‘rib chiqilishi talab etilmoqda.
 





