
Xitoy banklari Rossiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda
01.09.2025 | 23:305374
Xitoyning bir nechta moliya muassasalari sanksiyalar ta’sirida Rossiya bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishdan to‘xtadi.

Xitoyning bir nechta kredit-moliya muassasalari Rossiya bilan hisob-kitoblarni to‘xtatdi. Bu haqda Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Ulardan biri «Heihe Rural Commercial Bank» bo‘lib, u sanksiyalarga tushib qolmagan Rossiya kredit muassasalari uchun vakillik hisobvaraqlarini ochishga tayyor bo‘lgan so‘nggi Xitoy banklaridan biri edi.
Bundan oldin, Xitoyning boshqa banklari faoliyatini to‘xtatganidan so‘ng, Rossiyaning kichik va o‘rta biznesining bir qismi «Heihe Rural» bankiga o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi «Heihe Rural» bankiga kripto-aktivlar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatgani uchun sanksiyalar joriy etdi. Qaror 9 avgustda kuchga kirdi va shundan beri Yevropa Ittifoqi fuqarolariga mazkur Xitoy banki bilan har qanday operatsiyalarda ishtirok etish taqiqlandi.
Yangi cheklovlar joriy etilganidan so‘ng bir oy davomida «Heihe Rural»da to‘lovlar odatdagidek amalga oshirildi. Biroq o‘tgan hafta muammolar yuzaga keldi va bank pul mablag‘larini qabul qilishni to‘xtatdi.
«Heihe Rural Commercial Bank» o‘zi «tizimlarni yangilash» jarayonida ekanini ma’lum qildi va bu jarayon yakunlangach, vaziyat o‘z holiga qaytishini ta’kidladi. Ammo xitoyliklar aniq muddatlarni ko‘rsatishdan o‘zlarini tiyishdi.
«Heihe Rural Commercial Bank» bilan bir qatorda, Yevropa sanksiyalari ro‘yxatiga Xitoyning yana bir banki — «Suifenhe Rural Commercial Bank» ham kiritilgan. Bu bank ham Rossiya Federatsiyasi uchun muhim ahamiyatga ega edi, chunki u ham Rossiya banklari uchun vakillik hisobvaraqlarini ochishga rozilik bergan edi.





