
Xitoy butun dunyodan oltin yig‘moqda
23.09.2025 | 19:4011113
Pekin bir qator davlatlar bilan ularning oltin quymalarini Shanxay omborlariga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Xitoy G‘arbning an’anaviy saqlash markazlarini chetlab o‘tish maqsadida xorijiy mamlakatlar bilan ularning oltin zaxiralarini mahalliy omborlarga joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Xalq banki bir qator mamlakatlar bilan ularning oltin zaxiralarini Shanxay oltin birjasi omborlariga ko‘chirish imkoniyatini faol muhokama qilmoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan kamida bittasi allaqachon ushbu taklifga qiziqish bildirgan.
Bloomber'ning ta’kidlashicha, Xitoy xalqaro oltin zaxiralarini saqlashning yetakchi markaziga aylanishga intilmoqda. Bu orqali u AQSH, Buyuk Britaniya va Shvetsariyadagi an’anaviy G‘arb xazinalariga raqobatchi bo‘lishni ko‘zlamoqda. Hozirgi kunda mamlakat saqlanayotgan oltin hajmi bo‘yicha atigi beshinchi o‘rinda turadi. Biroq, Xitoyning zargarlik buyumlari, quymalar va investitsion tangalarni o‘z ichiga olgan ichki oltin bozori dunyodagi eng yirik hisoblanadi.
Agentlikning qayd etishicha, bu qadam Pekinning jahon moliya tizimidagi ta’sirini kuchaytiradi va uning dollarga qaram bo‘lishini kamaytiradi.
So‘nggi ikki yil ichida oltin narxi deyarli ikki barobarga ko‘tarilib, bir unsiyasi 3,7 ming dollardan oshdi. Bunga asosan turli davlatlarning markaziy banklari tomonidan metallga bo‘lgan yuqori talab sabab bo‘ldi.





