
Xitoy kompaniyasi Samarqandda elektrosamokat zavodi qurmoqda
20.09.2025 | 22:0017312
Yaxing Guoji Maoyi 28 mln dollar sarmoya kiritib, Oqdaryo tumanida elektrosamokat, quyosh fonari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Xitoyning Yaxing Guoji Maoyi kompaniyasi Samarqand viloyatida 28 mln dollarlik yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatida. Loyiha Oqdaryo tumanidagi «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi filiali hududida amalga oshiriladi.
Hokimlik xabariga ko‘ra, birinchi bosqichda 16,5 mln dollar sarmoya yo‘naltiriladi va 2026 yil fevralda ishlab chiqarish boshlanishi kutilmoqda. Ushbu bosqichda 40 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarish doirasida ikki, uch va to‘rt g‘ildirakli elektrosamokatlar, quyosh panelli ko‘cha chiroqlari, alkogolsiz ichimliklar hamda kir yuvish kukunlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev kompaniya rahbariyati bilan muzokara o‘tkazib, Dahbed massivigacha yangi avtoyo‘l qurilishini tezlashtirishni topshirdi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatilishiga kafolat berdi.





