add

Xitoy kompaniyasi Toshkent metrosi qurilishida ishtirok etmoqchi

09.09.2025 | 08:0036273

Tianjin Rail Transit Group Toshkent metrosining yangi stansiyalari va zamonaviy temir yo‘l loyihalarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Muzokaralar boshlab yuborilgan.

Xitoy kompaniyasi Toshkent metrosi qurilishida ishtirok etmoqchi
Xitoyning Tianjin Rail Transit Group kompaniyasi Toshkent metrosida yangi stansiyalarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlarida ishtirok etishi mumkin. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov Oʻzbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida xalqaro tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, chegaralardagi to‘siqlarni qisqartirish va raqamlashtirish masalalari muhokama qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHT a’zolariga O‘zbekiston orqali o‘tuvchi tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taklif etgan. Shu bilan birga, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga amaliyotda start berilgani va uning mantiqiy davomi sifatida Transafg‘oniston temir yo‘li qurilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Trasport vazirining ta’kidlashicha, bu ikki loyiha mintaqa transport tizimini yaxlit holda rivojlantirishga xizmat qiladi. Avgust oyida transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Tianjin Rail Transit Group rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, Toshkent metrosini rivojlantirish va Toshkent–Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘l loyihalari yuzasidan muzokaralar olib borgan, Xitoy tomoni ushbu yo‘nalishlarga qiziqish bildirgan edi. Jasurbek Choriyev, shuningdek, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston va Transafg‘oniston temir yo‘llari bo‘yicha ham taqdimot o‘tkazgan. Xitoy kompaniyasi bu loyihalarni moliyalashtirish, texnologiya va innovatsiya jalb etishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirgani ma’lum qilindi. Eslatib o‘tamiz, Toshkent—Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikdagi temiryo‘l qurilishi 2026 yilda boshlanadi.

Teglar

Mavzuga oid