
Xitoy O‘zbekistondagi universitetga 1,8 mln dollarlik ta’lim granti ajratdi
28.07.2025 | 15:1549312
Shensi provinsiyasi hukumati Toshkent davlat transport universiteti uchun 1,8 million dollarlik ta’lim grantini ajratdi. Bu imkoniyat orqali o‘zbekistonlik yoshlar Xitoyning Chan’an universitetida ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi.
Xitoyning Shensi provinsiyasi hukumati Toshkent davlat transport universitetiga umumiy qiymati 13 million yuan (taqriban 1,8 million dollar) bo‘lgan ta’lim grantini ajratdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi rasman ma’lum qildi.
Grant doirasida 10 nafar PhD, 40 nafar magistratura va 60 nafar bakalavriat talabalari Xitoyda tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. O‘quv dasturlari 1+1 (magistratura) va 2+2 (bakalavriat) shaklida tashkil etiladi.
Ta’lim granti Chan’an universitetida amalga oshiriladigan o‘quv dasturlarini qamrab oladi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlik natijasidir.
Loyiha orqali o‘zbekistonlik talabalar xalqaro akademik muhitda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, shuningdek, nufuzli xalqaro diplom olish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu kabi ta’lim dasturlari ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlab, iqtidorli yoshlarni xalqaro maydonga tayyorlashga xizmat qiladi.
 





