add

Xitoy Tramp tufayli global o‘yinda g‘alaba qozonmoqda — WP

29.10.2025 | 19:406631

Xitoy Tramp siyosatining kutilmagan o‘zgarishlaridan foydalanib, xalqaro maydondagi o‘z mavqeyini mustahkamlayotgani aytildi.

Xitoy Tramp tufayli global o‘yinda g‘alaba qozonmoqda — WP

AQSH prezidenti Donald Trampning kutilmagan tashqi siyosati Vashingtonning ittifoqchilari bilan munosabatlarini yomonlashtirgani fonida, Xitoy xalqaro maydonda o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda. Bu haqda The Washington Post gazetasi yozmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning Xitoy raisi Si Jinping bilan muzokaralardagi ehtimoliy taktik yutuqlariga qaramay, jumladan nodir yer metallari eksportiga cheklovlarni kechiktirish va TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQSHdagi maqomini tartibga solish masalalarida, Pekin strategik ustunligini saqlab qolmoqda.

Gazetaning ta’kidlashicha, Tramp boshlagan savdo urushlari AQSHning Osiyo va Yevropadagi an’anaviy ittifoqchilari orasidagi mavqeini zaiflashtirib, Braziliya va Hindiston bilan kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Nashr bilan suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, Vashington xalqaro tashkilotlardagi ta’sirini yo‘qotayotgan bir paytda, Xitoy bu vaziyatdan o‘z manfaatlarini ilgari surish va jahon miqyosidagi ta’sirini kuchaytirish uchun faol foydalanmoqda.

AQSH qayta tiklanadigan energiya dasturlarini qisqartirmoqda, Xitoy esa yashil energiya texnologiyalari va elektromobillarning yetakchi ishlab chiqaruvchisi hamda eksportchisi sifatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.

AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden ma’muriyati xodimi Rash Doshining fikricha, «Xitoy bahsda g‘alaba qozonmayotgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘yinda g‘alaba qozonmoqda». U Xitoy Tramp siyosatining kutilmagan o‘zgarishlaridan foydalanib, xalqaro maydondagi o‘z mavqeyini mustahkamlaganini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid