add

Xitoy–Yaponiya o‘rtasidagi taranglik 491 ming aviachiptani chipakka chiqardi

Bugun 19:542721 Daqiqa

Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy tortishuv oqibatida yuz minglab reys bekor qilindi, havo qatnovlari COVID davrini eslatmoqda.

Xitoy–Yaponiya o‘rtasidagi taranglik 491 ming aviachiptani chipakka chiqardi

Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi keskinlik turizm va aviatsiya sohasiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Juma kundan boshlab faqatgina Xitoyda Yaponiyaga belgilangan 491 mingta aviabilet bekor qilindi. Bu Tokio yo‘nalishidagi umumiy bronlarning 32 foizini tashkil etadi.

South China Morning Post xabariga ko‘ra, bekor qilingan qatnovlar soni shanba kuni 82,1 foizgacha yetgan bo‘lsa, dushanbada ham bu ko‘rsatkich 75,7 foizni tashkil etdi. Bu COVID-19 pandemiyasi boshlangan 2020 yildan beri kuzatilgan eng yirik aviabekor qilish to‘lqini sifatida qayd etilmoqda.

Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi mamlakat fuqarolarini Yaponiyaga sayohat qilishdan ogohlantirdi. Yaponiyada bo‘lib turganlar esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirildi. Shu munosabat bilan Xitoy aviakompaniyalari Yaponiyaga reyslar uchun aviabiletlarni bepul qaytarish imkoniyatini e’lon qildi.

Janjal Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining 7-noyabrdagi bayonotidan so‘ng yanada avj oldi. Unda Xitoy tomonidan Tayvanga harbiy harakat boshlansa, bu Yaponiya xavfsizligiga tahdid solishi va mamlakatni javob choralarini ko‘rishga majbur qilishi aytilgan. Bu bayonot ortidan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Masaaki Kanai Pekinga borib, vaziyatni yumshatishga urinib ko‘rdi.

Ayni paytda, Yaponiya Milliy turizm tashkiloti sentabr oyida 3,2 millionga yaqin xorijiy sayyohni qabul qilganini ma’lum qilgan edi. Ular orasida eng katta guruhni aynan xitoylik sayyohlar tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoy–Yaponiya o‘rtasidagi taranglik 491 ming aviachiptani chipakka chiqardi | Vaqt.uz