
Xitoyda 44 mln dollar pora olgan amaldor o‘limga hukm qilindi
27.08.2025 | 18:4031903
Sobiq yuqori lavozimli amaldor Lyu Sintay davlat shartnomalari va mansab va’dalar evaziga yuz millionlab yuan pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Guylin shahridagi xalq sudi Lyu Sintayni 316 mln yuan (taxminan 44 mln dollar) pora olganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan oliy jazo tayinladi. U Haynan provinsiyasi xalq vakillari doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Sud uning barcha mol-mulkini musodara qildi va siyosiy huquqlaridan butunlay mahrum etdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Lyu Sintay 2003–2024 yillar davomida Xitoyning Shandong va Haynan viloyatlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan. U biznes tuzilmalarga davlat buyurtmalari olish, karyerada o‘sish va byudjet mablag‘laridan foydalanishda noqonuniy tarzda yordam berib kelgan. Buning evaziga jismoniy va yuridik shaxslar unga bevosita yoki vositachilar orqali katta miqdorda pul berishgan.
2025 yil 29 mayda ish yuzasidan ochiq sud jarayoni boshlangan. Sud jarayonida Lyu o‘z aybini to‘liq tan olgan, tergovga faol yordam ko‘rsatgan va pora tariqasida olgan mablag‘larning asosiy qismini qaytargan. Shu sababli sud o‘lim jazosini ikki yilga kechiktirilgan holda ijro etishni belgiladi.
Xitoy sudlari so‘nggi yillarda yuqori lavozimdagi shaxslarga nisbatan korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rmoqda. 2024 yil noyabrida Guandong provinsiyasida yana bir sobiq amaldor — Chen Jising 38 mln dollar pora uchun o‘lim jazosiga hukm etilgan edi. U ham sudda aybini tan olgan.





