add

Xitoyda bloger va influyenserlar uchun yangi qoida: diplomsizlar chiqib gapirmasin

27.10.2025 | 16:002851

Xitoy hukumati tibbiyot, moliya, huquq yoki ta’lim haqida fikr bildiruvchi blogerlardan tegishli diplom yoki malaka sertifikatini talab qiladigan yangi qoidalarni joriy etdi.

Xitoyda bloger va influyenserlar uchun yangi qoida: diplomsizlar chiqib gapirmasin

Xitoy hukumati mamlakatda influyenserlar va kontent yaratuvchilar faoliyatini qat’iy nazorat qilishga kirishdi. Yangi qoidaga ko‘ra, tibbiyot, moliya, huquq, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda fikr bildiruvchi blogerlar mos ma’lumot yoki rasmiy sertifikatga ega bo‘lishi kerak, deb yozmoqda Finratings.kz.

Endi Douyin (TikTok’ning xitoycha talqini), Weibo va boshqa yirik internet-platformalar blogerlar diplomlarini tekshirish va ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlash uchun javobgar hisoblanadi. Qoidabuzarlik aniqlanganda, ular akkauntni bloklash yoki faoliyatni vaqtincha to‘xtatish bilan birga 100 min yuangacha (taxminan 13 ming yevro) jarima to‘lashlari mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, mazkur tashabbusning maqsadi — internetdagi dezinformatsiyani cheklash va kontent sifatiga nazoratni kuchaytirish. Biroq bu qaror mamlakatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi: ayrim ekspertlar uni feyk ma’lumotlarga qarshi samarali vosita deb baholasa, boshqalar uni so‘z erkinligi va mustaqil blogingga tahdid deb hisoblamoqda.

Yangi qoidalarning joriy etilishi bilan Xitoy internet muhitida kasbiy mavzularda so‘z yuritish huquqi faqat mutaxassislar qo‘lida bo‘ladi. Mahalliy tahlilchilar fikricha, bu qadam davlatning onlayn maydondagi axborot oqimini to‘liq nazorat ostiga olish yo‘lidagi navbatdagi bosqichidir.

Teglar

Mavzuga oid