add

Xitoyda elektromobil bozoridagi yangi urush: BYD narxlarni tushirib, raqobatni kuchaytirdi

27.05.2025 | 08:4541224

BYD kompaniyasining 20dan ortiq modellarga narxlarini pasaytirishi Xitoydagi elektromobillar ishlab chiqaruvchilar aksiyalarining qator keskin tushishiga sabab bo‘ldi. Yangi «narx urushlari» bozordagi raqobatni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Xitoyda elektromobil bozoridagi yangi urush: BYD narxlarni tushirib, raqobatni kuchaytirdi
Shenjenda joylashgan va Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan BYD kompaniyasi o‘zining eng arzon modemi — Seagull elektromobilini 55 800 yuan (7770 dollar) narxda taklif etdi. Bu qaror ortidan kompaniya aksiyalari 9 foizga arzonlashdi. Uning raqobatchilari — Geely, Li Auto va Xpeng aksiyalari ham 4-7 foizga tushib ketdi. Kompaniya shu haftada 20 dan ortiq modelga taxminan 15-34 foiz miqdorida chegirmalar e’lon qildi. Xususan, hibrid dvigatelli Seal 07 modeli uchun 53 000 yuan (34 foiz) miqdoridagi chegirma e’lon qilindi. Bu kampaniya 2025 yil iyun oxiriga qadar davom etishi va II chorakda BYDning avtomobil yetkazib berish hajmini 20–30 foizga oshirishi kutilmoqda. Citi tahlilchilari BYD har bir avtomobildan 9000 yuan atrofida sof foyda olishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu o‘tgan oyda kompaniya rahbariyati ta’kidlagan 10 000 yuanlik foyda prognoziga nisbatan kamroq. Investorlar buni bozordagi yetakchilikni saqlash uchun foydani qurbon qilish sifatida baholashmoqda. BYD harakatiga javoban Changan, Deepal subbrendi ostidagi modellariga 15 foiz, Leapmotor esa o‘z C16 va C11 avtomobillariga 28–30 foiz chegirma e’lon qildi. Xitoy Avtomobil dilerlari uyushmasi vakili Li Yanveyning ta’kidlashicha, BYD bozorda narx siyosati bo‘yicha hal qiluvchi ta’sirga ega bo‘lib, uning har bir qadami boshqa ishlab chiqaruvchilarni ham unga ergashishga majbur qilmoqda. So‘nggi ikki yilda keskin narx raqobati Xitoydagi avtomobil kompaniyalari daromadlarini pasaytirib, sohadagi konsolidatsiya jarayonini tezlashtirdi. Mamlakatning bosh iqtisodiy rejalashtirish organi — Taraqqiyot komissiyasi, bu tendensiyani xavfli deb baholab, ayrim ishlab chiqaruvchilar bozor narxidan past narxlarda mahsulot sotish orqali raqobatni buzmoqda, deb hisoblaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoyda elektromobil bozoridagi yangi urush: BYD narxlarni tushirib, raqobatni kuchaytirdi | Vaqt.uz