add

Xitoyda Eron va Rossiyaning «xufiyona» tanker floti aniqlandi

21.08.2025 | 08:203075

Yashirin flot Xitoyga sanksiya ostidagi mamlakatlar — Eron va Venesueladan, 2022 yil kuzidan boshlab esa Rossiyadan ham neft yetkazib bermoqda.

Xitoyda Eron va Rossiyaning «xufiyona» tanker floti aniqlandi
Xitoyning «yashirin flotidagi» tankerlar eronlik huquqshunoslar yordamida Eron, Venesuela va Rossiyadan sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tib neft tashish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Britaniyaning Financial Times nashri xabar berdi. Nashr va AQSHning C4ADS notijorat tashkiloti o‘tkazgan qo‘shma tekshiruvga ko‘ra, mazkur flot 2019 yildan oldin eronlik huquqshunoslar va hisobchilarning sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan. O‘shandan buyon u Xitoyga sanksiya ostidagi mamlakatlar — Eron va Venesueladan, 2022 yil kuzidan boshlab esa Rossiyadan ham neft yetkazib bermoqda. Financial Times'ning taxminiga ko‘ra, flotni Xitoydagi soxta kompaniyalar tarmog‘i, Panama va Britaniya Virjiniya orollaridagi offshor kompaniyalar, shuningdek, Shveysariyaning moliyaviy hamda huquqiy vositachilari ortida yashiringan noma’lum xitoylik manfaatdor shaxs boshqaradi. Flot tarkibiga 30 dan ortiq kema kiradi: ularning ba’zilari faqat bir marta safar qilgan, boshqalari esa doimiy ravishda foydalanilmoqda. Flotning umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshadi, tashilgan neft hajmi esa 9,6 milliard dollarga baholanmoqda. Bundan taxminan 50 foizi Eronga, 25 foizi Rossiyaga va yana 20 foizi Venesuelaga to‘g‘ri kelgan. Neftning deyarli barchasi Xitoyga yetkazib berilgan. Ayrim kemalar va ularning nominal egalari Eron, Venesuela va Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tib, neft yetkazib berishda ishtirok etgani uchun AQSHning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘ldi. Rasmiy Pekin Amerika sanksiyalarini tan olmasligini, ularni bir tomonlama va noqonuniy deb hisoblashini aytmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi FT nashriga bergan izohida eslatib o‘tdi. Jurnalistlarning tankerlarning rasmiy egalari bilan bog‘lanishga urinishlari ko‘rsatilgan manzillar mavjud emasligini yoki soxta shaxslarga olib borishini ko‘rsatdi. Shuningdek, surishtiruvda ta’kidlanishicha, Rossiya - Eron neftining birinchi oluvchilaridan biri —- mingdan ortiq kemadan iborat o‘z soya flotiga ega. Ushbu kemalar muntazam ravishda ushlanib, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. 2024 yilning birinchi yarmidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya neft eksportining qariyb 45 foizi shunday flotdan foydalangan holda amalga oshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid