add

Xitoydagi harbiy parad, Islom Karimovni xotirlagan Lola Karimova, sotuv to‘xtatilgan AI-80, Afg‘onistondagi fojeali zilzila — hafta dayjesti

06.09.2025 | 22:00260419

O‘tayotgan hafta ichida dunyo va mamlakatimizda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Xitoydagi harbiy parad, Islom Karimovni xotirlagan Lola Karimova, sotuv to‘xtatilgan AI-80, Afg‘onistondagi fojeali zilzila — hafta dayjesti
Videoni Youtubeʼda tomosha qiling: 👉https://youtu.be/79OONFQFdv8 TITR: O‘zbekistonda yangi o‘quv yili 6,76 mln o‘quvchi bilan boshlandi 2025/2026 o‘quv yili O‘zbekistonda 720 mingdan ziyod 1-sinf o‘quvchisi uchun boshlandi. Ularning har biriga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.   Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil 440 ta maktab va 226 ta bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. 115 mingga yaqin yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi, 100 mingdan ortiq mavjud o‘rinlar zamonaviy qiyofaga keltirildi. Ayni vaqtda mamlakat bo‘ylab 10 193 ta maktab faoliyat yuritmoqda, ularda 6 mln 754 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda.   Yangi o‘quv yilidan barcha ta’lim muassasalarida «Kelajak soati» darslari joriy etiladi. Shuningdek, maktab direktorlari va o‘rinbosarlarining oylik maoshi 15–20 foizga oshiriladi.   TITR: “Otam Oʻzbekistonni fuqarolar urushi va Suriya taqdiri boshiga tushishidan asrab qoldi” — Lola Karimova   Lola Karimova-Tillyayeva otasi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlab, ijtimoiy tarmoqda videomurojaat e’lon qildi. Unda otasining mamlakatni fuqarolar urushi va Yaqin Sharqdagi ba’zi davlatlar, xususan Suriya boshidan kechirgan fojialar taqdiridan asrab qolganini ta’kidladi. Shuningdek, u Karimov siyosatini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, bo‘htonli intervyular va «trollar» faoliyati kuzatilayotganini qayd etdi. Karimova otasi dono va qat’iyatli rahbar bo‘lgani, mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston bosib o‘tgan yo‘l uning siyosiy yetukligi va uzoqni ko‘ra bilishi bilan bog‘liqligini aytdi. U bugungi kunda ham Karimov siyosatining ahamiyatini chuqur anglayotganini bildirib, xotirasini ezgulik va minnatdorlik bilan yodga olishga chaqirdi.   TITR: “Oʻzbekneftgaz” nihoyat AI-80 benzini sotuvini toʻxtatdi   «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab AI-80 rusumli benzinni birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.   Qaror davlat rahbarining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida qabul qilingan. Mazkur dasturda atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan energetika siyosati yuritilishi belgilangan edi. Shu bois, kompaniya bosqichma-bosqich yuqori oktanli benzinga o‘tish jarayonini boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, endi birja savdolariga faqat Ai-92 rusumli benzin chiqariladi.   TITR: TIV Rossiyaga o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan shaxs bo‘yicha nota yo‘lladi O‘tgan oyda internetda bir rossiyalikning bir fuqaroni tinimsiz haqorat qilayotgani, unda ikki marta O‘zbekiston nomi tilga olinib, haqoratlanayotgan ishchining o‘zbekistonlikligiga ishora qilingani va “sen ruslarning qulisan” deb tahqirlangani muhokamalarga sabab bo‘lgandi.   TIV mazkur hodisa ortidan rasmiy nota yo‘lladi. Vazirlikning ma’lumoticha, avgust oyi oxirida tarqalgan video jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Notada videoda aks etgan shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish talab qilingan.    TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov fuqarolarga murojaat qilib, qaysi davlatda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zbekistonliklar davlat himoyasida ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, xorijda huquq va manfaatlar buzilgan taqdirda, mahalliy huquq-tartibot idoralari hamda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish kerakligi eslatildi. Toshkentning notasi orqali Rossiyadan aniq choralar ko‘rilishi talab qilinmoqda.   TITR: Xitoyda muhtasham harbiy parad oʻtdi   Xitoy poytaxti Pekinda harbiy parad o‘tkazildi. Parad Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlandi. Parad tomoshasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z rafiqasi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston prezidentidan tashqari paradni dunyoning 24 davlati rahbarlari tomosha qilishdi. Jumladan, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In ham o‘z qizi bilan paradni ko‘rish uchun poyezdda keldi. Xitoy raisi Si Jinping nutqida tarixiy xotirani asrash, tinchlik va adolatni ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Paradda Xitoy armiyasining 45 bo‘linmasi qatnashib, eng so‘nggi harbiy texnikalar namoyish qilindi. Dunyoning eng ilg‘or armiyasiga ega Xitoy qudratli harbiy texnikalarni butun dunyo ko‘z o‘ngida namoyish qilganidan so‘ng parad so‘ngida ramziy ma’noda osmonga oq kabutarlar uchirildi. Bu mujda Xitoy o‘zida yuqori darajadagi harbiy texnika va qudrat mavjud bo‘lishiga qaramay, asosiy maqsadi tinchlikni saqlash va uni qo‘llab-quvvatlash ekaniga ishora berdi.   TITR: Mahkumlar har bir o‘qilgan kitob uchun 3 kunlik imtiyoz oladi   Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonunga ko‘ra, mahkumlar kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartira oladi. Har bir kitob uchun 3 kunlik imtiyoz beriladi, bir yilda esa 30 kungacha qisqartirish mumkin.   O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga kiritilgan 74/1-modda asosida bu imkoniyat Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tasdiqlagan ro‘yxatdagi kitoblar uchun amal qiladi. Bu norma 13,5 mingdan ortiq mahkumga taalluqli bo‘lib, umrbod mahkumlar bundan mustasno.   Shuningdek, profilaktika va ma’muriy javobgarlikka oid qonunlarga ham o‘zgartishlar kiritildi. Masalan, transportni mast holda boshqarganlar yoki yo‘l bezoriligi sodir etganlar alohida profilaktik hisobga olinadi. TITR: Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora olishda ushlandi   Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan shahar hokimi poyabzal ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan til biriktirib, fuqarodan 60 ming AQSH dollari talab qilgan. Bu mablag‘ evaziga u shahar markazidagi 35 sotix maydonda joylashgan eski turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini ta’minlashga va’da bergan.   Tezkor tadbir chog‘ida dastlab MCHJ rahbari pulni qabul qilayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng hokim ham devonxona mudiri orqali pulni olgan paytda qo‘lga olingan.   Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, shahar hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.   TITR:Afg‘onistondagi fojeali zilzila  
  • sentyabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqida 6 magnitudali kuchli zilzila yuz berib, 2205 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 3640 dan ziyod odam jarohatlandi. Bu haqda “Tolibon” hukumati vakili Zabihullo Mujohid ma’lum qildi. Hozirda vayronalar ostidan tirik qolganlarni qutqarish ishlari davom etmoqda.
  Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt va qo‘shni viloyatlardan yordam guruhlari yuborilgan, barcha resurslar qutqaruv ishlariga safarbar etilgan.   O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kunar va Nangarhor viloyatlarida yuz bergan falokat munosabati bilan Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi.   AQSH Geologiya xizmati zilzila 31-avgust kuni 23:47 da sodir bo‘lganini, uning markazi Jaloloboddan 27 km shimoli-sharqda, 8 km chuqurlikda joylashganini bildirdi. Shuningdek, 20 daqiqa o‘tib, 4,5 magnitudali takroriy silkinish qayd etilgan.   TITR: Ukraina yerosti maktablari, Yevropa demografik inqirozi   Ukrainada yangi o‘quv yili 7 ta yerosti maktabi ochilishi bilan boshlandi. Xarkivdagi bu muassasalarda 17 mingga yaqin o‘quvchi xavfsiz sharoitda ta’lim olmoqda. Ularning ayrimlari metro bekatlarida joylashgan bo‘lib, yaqin kunlarda yana 3 ta maktab ishga tushirilishi rejalashtirilgan.   Ayni paytda Yevropada demografik inqiroz sabab maktablar yopilyapti. Gretsiyada 15 nafardan kam o‘quvchisi bor 721 maktab faoliyati to‘xtaydi. Ta’lim vazirligi bu holatni «Qiyomat» deb atadi. Bolalar soni 6 yilda 150 mingga kamaygan. Attikada 77 ta maktab yopiladi, ayrim chekka hududlarda esa bolalar kuniga 80 km yo‘l bosib o‘qishga borishmoqda.   Belarusda ham birinchi sinf o‘quvchilari soni 15 mingga kamaydi. Rossiyada esa bu yilgi birinchi sinfga qabul 1,5 million bolani tashkil etdi — bu so‘nggi ikki yildagi eng katta pasayish. TITR: Buxoroda 5 ishchi kanalizatsiya quvurida halok bo‘ldi Buxoro viloyatida qurilish ishlari vaqtida 5 ishchi kanalizatsiya quvuriga tushib, halok bo‘ldi. Fojia 4 sentyabr kuni Bog‘idasht qishlog‘ida sodir bo‘ldi. Ishchilar Buxorodagi yangi uyni markaziy kanalizatsiyaga ulashga urinayotgan paytda suv oqimiga tushib ketgan.   Ma’lumotlarga ko‘ra, «Fayz binokor Oltiariq» korxonasi xodimlari tegishli ruxsatsiz qopqoqni ochib, quvur ichiga kirishgan. Kuchli oqim ularni ichiga tortib ketgan. Uch ishchining jasadi topilgan, yana ikkisini qidirish ishlari davom etmoqda.   Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ish qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov boshlandi. Ruxsatsiz va xavfsizlik qoidalarini buzgan holda bajarilgan ishlar og‘ir oqibatlarga olib keldi. TITR:Dehqon va fermerlar QQSdan ozod qilinadi 2026 yil 1 yanvardan boshlab, fermer va dehqon xo‘jaliklari yetishtirgan g‘alla va paxtadan tashqari mahsulotlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada qo‘llaniladi. Bu haqda mas’ullar “inqilobiy” deb baholanayotgan qaror e’lon qildi.   Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda QQS to‘lanmaydi, ammo urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport va elektr xarajatlarida hisobga olingan soliq qaytarib beriladi. Shu yo‘l bilan mahsulot tannarxi arzonlashib, foyda yuqori bo‘lishi kutilmoqda.   Mas’ullar mazkur chora fermer va dehqonlarning qo‘lida qariyb 1 trln so‘m qolishini ta’kidlashmoqda. Shu bilan sohada shaffoflik ortib, qishloq xo‘jaligi rasmiy iqtisodiyotga to‘liqroq jalb etilishi maqsad qilingan.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoydagi harbiy parad, Islom Karimovni xotirlagan Lola Karimova, sotuv to‘xtatilgan AI-80, Afg‘onistondagi fojeali zilzila — hafta dayjesti | Vaqt.uz