add

Xom meva eksport qilgan ayrim «chaqqon» savdogarlar tanqid qilindi

30.07.2025 | 15:3029195

Prezident xorijiy bozorda O‘zbekiston mevalariga bo‘lgan ishonch shubha ostida qolishini, ayrim savdogarlarning xom mahsulot eksport qilishdagi shoshma-shosharligini tanqid qildi.

Xom meva eksport qilgan ayrim «chaqqon» savdogarlar tanqid qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ayrim tadbirkorlarning faqat daromad orttirishni ko‘zlab, meva-sabzavotlarni xom holda eksport qilayotganini keskin tanqid qildi. Bunday yondashuv natijasida xorijiy savdo tarmoqlari minglab tonna mahsulotni qabul qilmagan va bu holat mamlakatning tashqi bozordagi mavqeiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mevalar sifat va ta’m jihatidan raqobatbardosh hisoblanadi. Shu bois, xalqaro bozorda «Made in Uzbekistan» brendi shakllangan. Ammo ayrim savdogarlar mahsulotni saralamasdan, tayyorlash jarayonlarini chetlab o‘tib, faqat yuqori narxni ko‘zlab, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportga chiqarmoqda. Prezident bu kabi hatti-harakatlar milliy ishlab chiqaruvchilarga va ularning tashqi bozordagi ishonchli imijiga zarar keltirishi mumkinligini qat’iy ta’kidladi. Natijada yurtimiz mahsulotlari tashqi bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi xavfi mavjud. Shu munosabat bilan 21 ta tumanda meva-sabzavot eksporti 2024 yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagani alohida qayd etildi. Bu tumanlarda 80 ming gektarga yaqin paxta va g‘alla maydonlari oziq-ovqat maqsadida foydalanilmoqda, shuningdek, 55 ming gektar tomorqa yeri mavjud bo‘lishiga qaramay, natija qoniqarsiz qolmoqda. Bu bo‘yicha tumanlar hokimlariga viloyat rahbarlari bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar va rejalarni ishlab chiqish topshirildi. Yig‘ilishda prezidentimiz xorijdagi elchixona va bosh konsulxonalarni ham tanqid qilib, ularni eksportni ko‘paytirishga faolroq ko‘maklashishga chaqirdi. Joriy yildagi meva-sabzavot eksportining 80 foizi atigi 5 ta davlat – Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Janubiy Koreya, Vengriya, Malayziya, Polsha, Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport hajmi pasaygan. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston va Qatarga eksport rejaga mos kelmayotgani ta’kidlandi. Elchixonalardagi savdo maslahatchilari faoliyati sust ekani ta’kidlanib, elchilarga eksportchi korxonalar bilan hamkorlikda ishlash, yangi bozorlar topish, ko‘rgazma va savdo uylari tashkil qilish, mahsulotlarga sertifikat olishda yordam berish kabi aniq vazifalar yuklatildi.

Teglar

Mavzuga oid

Xom meva eksport qilgan ayrim «chaqqon» savdogarlar tanqid qilindi | Vaqt.uz