Xomashyo importiga bojlar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi
Elektrotexnika korxonalari O‘zbekistonda bo‘lmagan alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.

O‘zbekiston mutasaddilariga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday topshiriq berdi.
Majlisda tarmoq rahbarlari o‘zimizdagi xomashyodan tayyor mahsulot yaratish haqida doim bosh qotirishi kerakligi qayd etildi. Masalan, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar tufayli zargarlik sanoatida o‘tgan yilning o‘zida 3,3 karra o‘sish bo‘lib, 13 trillion so‘mlik mahsulot chiqarilgan. Bu yil ham 1,3 barobar o‘sish reja qilingan.
Elektrotexnika tarmog‘ida ham yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvatlari bor. Lekin o‘tgan yili korxonalarga 92 ming tonna mis berilgan. Qazib olish hajmini, rudadan olinadigan mis ulushini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelib, ruda qazib olishni 46 milliondan 64 million tonnaga oshirish, mahalliy korxonalar uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.
Import boji
Elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, budjetga tushumni 46 milliard so‘mga oshirgan. Ular O‘zbekistonda bo‘lmagan alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.
Xuddi shunday zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli bo‘yoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshdi. Yoki mebelchilar uchun yog‘och olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar ko‘paydi.
Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasini ko‘targan.
Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga katta turtki beradi.
Davlat rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi.





