
Xorazmda 5,9 mlrd dollarlik aviayoqilg‘i zavodi quriladi
03.10.2025 | 15:001673
Avstraliyaning «Allied Biofuels» kompaniyasi Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida aviayoqilg‘i ishlab chiqaruvchi yirik zavod qurishni rejalashtirmoqda.

Xiva shahrida o‘tkazilgan xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov Avstraliyaning «Allied Green Ammonia» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alfred Benedikt boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Jurabek Rahimov va kompaniya rahbari Alfred Benedikt o‘rtasida Tuproqqal’a tumanida 5,9 milliard dollarlik investitsiya kiritish evaziga «Ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilib, tegishli kelishuvlar imzolandi. Ushbu korxona ishga tushgach, yiliga 400 ming tonna ekologik toza aviayoqilg‘i ishlab chiqariladi.
Zavodning muhim jihati shundaki, u atmosferaga zararli chiqindilar chiqarmaydi. Bu esa O‘zbekistonda barqaror rivojlanish va «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini amalga oshirishda katta qadam sifatida baholanmoqda.
Ma’lumot uchun, «Allied Biofuels» kompaniyasi 2025 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ustav kapitali 444,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Kompaniya rahbari Alfred Benedikt Avstraliyada «Allied Green Ammonia» kompaniyasini ham boshqaradi.
Aytish joizki, kompaniya bu yil aprelda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi bilan ham memorandum imzolagandi. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda O‘zbekistonga yirik energetika sarmoyalari kiritilayotgani kuzatilmoqda. Xususan, Ozarboyjonning «SOCAR» kompaniyasi mamlakatga 2 mlrd dollar investitsiya kiritishi haqida xabar qilingan edi.





