
«Xorijda ishlash uchun shoshma-shoshar qaror qabul qilmang!» — Migratsiya agentligi
08.08.2025 | 13:0034112
Agentlik xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolarga qaror qabul qilishda shoshilmaslik va faqat ishonchli manbalarga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim blogerlar yolg‘on reklama orqali fuqarolarni litsenziyasiz firmalarga ishonishga undamoqda. Bu esa ularning moliyaviy va huquqiy muammolarga duch kelish xavfini oshiradi.
Agentlik bunday holatlarni qoralab, inflyuyenserlar va blogerlarni jamoatchilik oldida mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi. Xorijda xavfsiz ishlash uchun fuqarolarga faqat litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilish, shartnomalarni diqqat bilan o‘qish tavsiya etildi. Litsenziyaga ega agentliklar ro‘yxati rasmiy portal va agentlik saytida joylashgan.
Shuningdek, ishga joylashish bo‘yicha ishonchli e’lonlar faqat Migratsiya agentligining «Xorijda ish» telegram kanali hamda litsenziyaga ega agentliklar kanallarida e’lon qilinadi.
Agentlik fuqarolardan mazkur ogohlantirishni yaqinlari va tanishlariga yetkazishni, xorijda ishlash masalasida esa har doim rasmiy va tekshirilgan manbalarga tayanishni so‘radi.





