add

Xorijda vafot etgan o‘zbekistonliklar jasadi davlat hisobidan olib kelinadi

18.06.2025 | 22:258274

Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda vafot etgan bo‘lsa, Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga yurtga olib kelinadi.

Xorijda vafot etgan o‘zbekistonliklar jasadi davlat hisobidan olib kelinadi
Endi mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini olib kelish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi. Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari amaldagi 12 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Jumladan, «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qonunga mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini olib kelishni tashkil etish xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda moliyalashtirilishi taklif etilgan. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan. Shuningdek, Migratsiya agentligi so‘nggi kunlarda blogerlar yoki turli shaxslar tomonidan xorijda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini yurtga qaytarish bahonasida pul yig‘ilayotgani haqida murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, ba’zi holatlarda tarqatilayotgan ma’lumotlar yoki murojaatlar eski yoki noto‘g‘ri bo‘lib, fuqarolarning his-tuyg‘ularidan foydalangan holda firibgarlik maqsadida amalga oshirilmoqda. Jamoatchilikka bunday xabarlarga ishonmaslik va bevosita plastik karta raqamlariga pul o‘tkazmaslik tavsiya etilgan. «Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda vafot etgan bo‘lsa, Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga yurtga olib kelinadi», - deyiladi xabarda. Fuqarolarga ishonchli ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan olish, shubhali xabarlar tarqalgan taqdirda, Migratsiya agentligiga murojaat qilish tavsiya etildi. Rasmiy murojaat uchun agentlikning telefon raqamlari: (71) 202 33 55 yoki qisqa raqam 1282, hamda @huquqiy_yordam_uzbot Telegram boti faoliyat yuritmoqda.

Teglar

Mavzuga oid