
Xorijdan qaytganlar OIV uchun majburiy tekshiruvdan o‘tadi
01.08.2025 | 21:004013
O‘zbekistonda xorijda uzoq vaqt bo‘lib qaytgan fuqarolar uchun OIV bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy qilib belgilanmoqda. Yangi qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

2025 yil 1 avgust kuni Senatning 9-yalpi majlisida qabul qilingan qonunga ko‘ra, chet elda 90 kun va undan ortiq muddat bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolari endilikda OIV tekshiruvidan o‘tadi.
Qonun 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi xorijliklar hamda mehnat qilish uchun kelayotgan chet elliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari uchun esa o‘z hisobidan amalga oshiriladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilda 90 kundan ortiq xorijda bo‘lib qaytgan 1,7 million fuqaroning faqat 25 foizi (434 ming kishi) ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tgan. Ular orasida 1 512 holatda OIV aniqlangan.
Qonunga muvofiq, OIV yoki sil kasalliklari aniqlangan shaxslarga O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari fuqarolarni chet eldagi mehnat faoliyatiga tayyorlashda ularni mahalliy qonunlar bilan tanishtirishi shart qilib belgilandi.





