
Xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikat talabi yana kechiktirildi
Xorijiy tildan dars berayotgan, ammo B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga yana bir bor imtiyoz berildi va muddat 2026/27 o‘quv yili boshlanishigacha uzaytirildi.

Kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilariga 2026/27 o‘quv yili boshlanguniga qadar yana bir imkoniyat beriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy axborot berdi.
Mazkur masala 2021 yilda qabul qilingan hukumat qaroriga borib taqaladi. Unga ko‘ra, maktablarda xorijiy til fanidan dars beradigan pedagoglar kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi shart etib belgilangan. Sertifikat milliy yoki xalqaro bo‘lishidan qat’i nazar, teng huquqli deb hisoblanadi.
O‘qituvchilarga mazkur talabni bajarish uchun uch yillik o‘tish davri berilgan. Shuningdek, sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglar qo‘shimcha ustama bilan rag‘batlantirilib, talab faqat ma’muriy bosim orqali emas, moliyaviy motivatsiya bilan ham qo‘llab-quvvatlangan.
Biroq 2024 yil sentabriga kelib, minglab o‘qituvchilar belgilangan muddat ichida sertifikat ololmaganini bildirib, ishdan bo‘shatilish xavotirini ochiq aytgan. Shundan so‘ng hukumat talabni bajarish muddatini yana bir yilga uzaytirgan.
2025 yil sentabrida ham xuddi shu holat takrorlangan. Bu safar muddat 2026 yil 1-yanvarga qadar cho‘zilgan. Ammo yil yakuniga kelib ham ko‘plab o‘qituvchilar sertifikatga ega bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
Natijada, hukumat yana bir bor murosaga bordi va B2 sertifikat talabini bajarish muddatini 2026 yil sentabrigacha uzaytirishga qaror qildi. Shu tariqa, 2021 yildan hisoblaganda, xorijiy til o‘qituvchilariga mazkur talabni bajarish uchun amalda besh yil vaqt berilgan bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu qaror bir tomondan kadrlar taqchilligini yumshatsa, ikkinchi tomondan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarning kechikishiga olib kelmoqda. Endi esa asosiy savol ochiq qolmoqda: yangi o‘quv yilidan boshlab bu talab qat’iy amal qiladimi yoki muddat yana uzaytiriladimi?





