
Xususiy sektordagi ayollarga ham «dekret» puli davlat tomonidan to‘lanadi
2026 yildan boshlab xususiy kompaniyalarda ishlaydigan ayollar ham homiladorlik nafaqasini davlatdan oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Taqdimotda xususiy sektorda faoliyat yurituvchi ishchilar, ayniqsa ayollar uchun ijtimoiy nafaqalarning to‘lanmasligi bo‘yicha mavjud muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yildan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi. Shuningdek, 2026 yil ikkinchi yarmidan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik varaqasi) bo‘yicha nafaqalar ham jamg‘arma hisobidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tizim Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga mos holda ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, rasmiy ish joylarini ko‘paytirish hamda sug‘urta tizimining shaffofligini ta’minlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, hozirgacha homiladorlik va tug‘ish nafaqalari faqat davlat tashkilotlarida ishlaydiganlarga to‘lab kelingan. 2010 yilda mazkur to‘lovlar davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish maqsadida ish beruvchilar zimmasiga yuklangan edi. Bu amaliyot xususiy kompaniyalar uchun ortiqcha moliyaviy yuk bo‘lib, ko‘plab ayollarni norasmiy mehnat munosabatlariga majbur qilgan.
2022 yil 1 sentabrdan boshlab xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasi cheklangan miqdorda — minimal iste’mol xarajatlarining to‘rt baravariga teng summada — davlat tomonidan to‘lab berila boshlangan edi.





