
Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun YeTTB 1,1 mlrd yevro ajratadi
11.06.2025 | 20:459052
11 iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida tashkil etildi.

Tomonlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi. YeTTB O‘zbekistondagi loyihalarga jalb qilgan sarmoyalar hajmi 5,5 mlrd yevrodan oshgani ma’lum qilindi. 2025 yilda yana 1,1 mlrd yevro jalb qilinishi rejalashtirilgan, undan katta qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Muloqot chog‘ida YeTTBning bank sohasini transformatsiya qilishdagi amaliy ko‘magi, shuningdek, sheriklik strategiyasining samarali ijrosi alohida ta’kidlandi. Prezident Mirziyoyev hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun ustuvor sohalarni belgilab o‘tdi.
Ular qatorida suv ta’minoti tizimini yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ipoteka bozorini rivojlantirish, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini yaxshilash va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar bor.
Shuningdek, ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kuchaytirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga asoslangan startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasidagi hamkorlikni amaliy natijalarga yo‘naltirishga kelishib olishdi.





