add

Xususiylashtirilayotgan «UzPost»: buning ortida kimlar turibdi?

14.10.2025 | 20:00303414

«O‘zbekiston pochtasi» xususiylashtirilishi atrofidagi muhokamalar kuchaymoqda. Rossiyaning tortishuvli Wildberries kompaniyasi davlat ulushini sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi, bu fonida mahalliy raqobatchi Uzum ham bozorga kirdi.

Xususiylashtirilayotgan «UzPost»: buning ortida kimlar turibdi?
Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi «O‘zbekiston pochtasi» (UzPost) pochta aloqa operatorining davlat ulushini sotib oldi. Bu haqda RBK biznes nashri Rossiya bozoridagi manbalariga tayanib xabar berdi. Shuningdek, «Spot» nashri ham bu ma’lumotni tasdiqladi   UzPost xususiylashtirildimi? Vaqt.uz 12 oktyabr kuni UzPost’dagi davlat ulushi xaridori «shimoliy marketpleyslardan biri» ekanligini yozgandi. Xususan, bu Rossiyada so‘nggi yillarda katta shov-shuvlar va qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan «Wildberries» marketpleysi bo‘lishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqaldi. Bu ma’lumotlar oradan ikki kun o‘tib rus manbalari tomonidan tasdig‘ini topdi. Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, Wildberries ham rasman izoh bermadi. «O‘zbekiston pochtasi» esa xususiylashtirish haqidagi ma’lumotlarni rad etmagan va tasdiqlamagan holda, modernizatsiya hamda raqamli transformatsiya uchun investitsiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi.   UzPost bilan bog‘liq nimalar ma’lum? 2025 yilgacha xususiylashtirish dasturi doirasida UzPost aksiyalarining 29,4 foizi ochiq savdoga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Qizig‘i shundaki, sentyabr oyida kompaniya Toshkent shahridagi 50 ta pochta aloqasi binosini o‘z balansiga o‘tkazib, ustav kapitalini oshirgan edi. Joriy yil iyun oyida «UzPost»ning affillangan shaxslar ro‘yxatida katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Ro‘yxatdan «Aloqabank», Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda unga tegishli 20 foizdan ortiq ulushga ega kompaniyalar chiqarib tashlangan. Shuning o‘rniga affillanganlar qatoriga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ushbu agentlikka tegishli yuridik shaxslar va O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi qo‘shilgan. Ushbu uch sub’ekt «UzPost» aksiyalarining 20 foizdan ziyod ulushiga ega bo‘lgan. Kompaniya 2023 yilni 809,7 million so‘mlik sof foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 2024 yilda tushum hajmi 603,5 milliard so‘mni tashkil etib, sof foyda 843,9 million so‘mga yetgan. Sentyabr oyida avval Milliy investitsiya jamg‘armasiga berilishi rejalashtirilgan 25 foizlik ulush Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ixtiyoriga o‘tkazilgan edi. Bu o‘zgarishlar «UzPost» aksiyalarining keyinchalik to‘liq xususiylashtirishga tayyorlanayotganini ko‘rsatmoqda. Rasman yangi egasining nomi tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, barcha ishoralar Wildberries’ga olib bormoqda. Ammo shu nuqtada Uzum «o‘yin»ga kirdi.   Uzum «o‘yin»ga kirdi Uzum 13 oktyabr kuni «O‘zbekiston pochtasi»ga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi. Hozir marketpleys pochta operatorining IT va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga faol sarmoya kiritmoqda.
«Pochta biz uchun uzoq vaqtdan beri strategik hamkor bo‘lib kelgan, 2026 yilda buyurtma topshirish bo‘yicha hamkor punktlar sonini mamlakat bo‘ylab 1000 dan ortiqa, pochta infratuzilmasi yordamida yetkazib berilayotgan buyurtmalar sonini esa Uzum Market bilan umumiy buyurtmalar sonining 10 foizigacha oshirishni rejalashtiryapmiz», — dedi Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev.
Bundan tashqari, Jasur Jumayev kelgusi 3–4 yil ichida Uzum mamlakatga 1,5 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini ochiqlagan. Kompaniya «O‘zbekiston pochtasi» bilan birgalikda logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zlamoqda. Oradan bir kun o‘tib, 14 oktyabr kuni Uzum «O‘zbekiston pochtasi»ni xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish uchun rasman ariza topshirganini ma’lum qildi. «Biz ishonch bildiramizki, pochta xizmati — davlatning eng muhim aktivlaridan biri, shuning uchun uni boshqarish nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak», — deb yoziladi Uzum’ning Telegram sahifasida. Ma’lumot uchun, Uzum Market va UzPost’ning 650 dan ortiq hamkorlikdagi buyurtma topshirish punktlari mavjud.   «O‘zbekiston pochtasi» tarixi «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati (UzPost) 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2014 yilda aksiyadorlik jamiyati shakliga o‘tgan. Kompaniya bugungi kunda mamlakatning yagona milliy pochta operatori sifatida faoliyat yuritadi. Tashkilot tarkibida 14 ta mintaqaviy boshqarma, 1602 ta aloqa bo‘limi va 3500 dan ortiq yetkazib berish uchastkasi mavjud. UzPost’ning jami 7000 dan ziyod xodimi bor, shulardan 2500 nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga xizmat ko‘rsatuvchi pochtachilardir. Kompaniya 25 ta havo yo‘nalishi va 300 dan ortiq avtomobil yo‘nalishlari orqali pochta va yuk tashish xizmatlarini amalga oshiradi. UzPost xalqaro maydonda ham faol ish yuritib, Butunjahon pochta ittifoqi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya xalqaro IFS, PNG, RUGBY, IBIS va PRIME tizimlari orqali pochta va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi. Pochta va posilkalarni yetkazib berishdan tashqari, jamiyat abonentlik, to‘lov, moliyaviy o‘tkazmalar va pochta markalari chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.   Wildberries atrofidagi mojarolar Wildberries so‘nggi ikki yil ichida Rossiyada eng ko‘p muhokama qilingan xususiy kompaniyalardan biriga aylandi. Kompaniya atrofidagi tortishuvlar, ichki mojarolar va siyosiy ta’sirlar uning O‘zbekistondagi ehtimoliy faoliyati haqida ham turli savollarni paydo qilmoqda. 2024 yil yozida Wildberries mamlakatdagi yirik tashqi reklama operatori Russ Outdoor bilan birlashganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qadam marketing va reklama infratuzilmasini birlashtirish, logistik zanjirni kengaytirish maqsadida qilingan. Ammo birlashuv ortida katta oilaviy va siyosiy drama yashirilgani ma’lum bo‘ldi.  Forbes nashri yozishicha, kompaniya asoschisi Tatyana Bakalchuk va uning turmush o‘rtog‘i Vladislav Bakalchuk o‘rtasidagi kelishmovchiliklar jamoatchilik muhokamasiga aylandi. Vladislav Bakalchuk birlashuv jarayoni «uning roziligisiz amalga oshirilganini» aytdi, shundan so‘ng Checheniston rahbari Ramzan Qodirov vaziyatga shaxsan aralashib, «oilaviy masala» haqidagi videomurojaat bilan chiqdi. Qodirov bu ishga «kavkazliklar aralashgani»ni ta’kidlab, Tatyana Bakalchukni «turmush o‘rtog‘ini chetlatganlikda» aybladi. Shu tariqa korporativ kelishuv shaxsiy mojaroga aylandi. Birlashuv natijasida Wildberries kompaniyasida ulushlar shunday taqsimlandi:
  • Wildberries — 65 foiz;
  • Russ Outdoor — 35 foiz.
Bu holat ko‘plab tahlilchilar tomonidan Russ orqali kompaniyani bosqichma-bosqich «nazoratga olish urinishi» deb baholandi. Keyinchalik bir qator yuqori lavozimdagi xodimlar ishdan bo‘shatildi, ularning o‘rniga Russ’dan kelgan shaxslar tayinlandi. Yuridik jihatdan esa, agar Bakalchuklar o‘rtasida nikoh shartnomasi bo‘lmagan bo‘lsa, Wildberries ulushlari bo‘linishi mumkinligi aytildi — bu esa kompaniyaning mulkdorlik tuzilishi va boshqaruv barqarorligiga jiddiy xavf soldi. Shu voqealardan so‘ng Wildberries Rossiyada «yilning eng mojaroli kompaniyasi» sifatida tilga olina boshladi. Ayrim ekspertlar uning korporativ madaniyati va ishchilar bilan munosabatlarini tanqid qildi, ayrimlari esa kompaniyaning raqobatbardosh logistika tizimi va faol investitsiya siyosatiga e’tibor qaratdi. Shuning uchun ham Wildberries’ning O‘zbekistonda UzPost xususiylashtirilishi jarayonida ishtirok etishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy-ijtimoiy bahslarga sabab bo‘ldi. Kompaniyaning Rossiyadagi tajribasi va tortishuvli obro‘si mahalliy jamoatchilikda «bu xususiylashtirish kimning qo‘liga o‘tadi?» degan savolni kuchaytirdi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid