add

Xususiylashtirish taqiqlangan stadionlar, Mo‘ynoqda jilovlangan gaz va davlatdan «o‘g‘irlangan» 4,3 mlrd so‘m – 26 avgust dayjesti

26.08.2025 | 22:0018309

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xususiylashtirish taqiqlangan stadionlar, Mo‘ynoqda jilovlangan gaz va davlatdan «o‘g‘irlangan» 4,3 mlrd so‘m – 26 avgust dayjesti
«Paxtakor» bilan bog‘liq mojarodan so‘ng stadionlarni xususiylashtirish taqiqlandi O‘zbekistonda davlat mulki hisoblangan futbol stadionlari va maydonlarni xususiylashtirish hamda ularning maqsadini o‘zgartirish taqiqlandi. Prezident tomonidan 21 avgustda imzolangan PQ-262-sonli qarorga muvofiq, barcha ob’ektlar 2025 yil oxirigacha xatlovdan o‘tkazilishi va natijalar 2026 yil iyulga qadar «Milliy futbol elektron platformasi»ga kiritilishi lozim. Egasi noma’lum stadion va maydonlarning yer uchastkalari va binolari ham xatlovdan o‘tkaziladi. Qaror 2024 yil boshida «Paxtakor» klubi atrofida yuz bergan mojaro ortidan qabul qilindi. O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi klub va stadionni sotishga qo‘ygan, ammo jamoatchilik qarshiligi sabab savdo bekor qilingan edi. Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev stadion va klubni rivojlantirmoqchi bo‘lgani ma’lum, ammo uning aytishicha, pul to‘lashga tayyor emas edi.   O‘zbekistonda chekka hududlarda turizm solig‘i bekor qilinadi O‘zbekistonda chekka hududlarda mehmonxona egalari turizm solig‘idan ozod etiladi, yangi mehmonxonalar qurilishi uchun esa imtiyozli kreditlar va davlat subsidiyalari ajratiladi. Bu choralar turistik salohiyatni rivojlantirish va kelgusi 3–4 yilda xorijiy sayyohlar sonini kamida 15 millionga yetkazish maqsadida qo‘llaniladi. Shuningdek, 5 ming gektar yer maydoni auksionga chiqariladi, tadbirkorlar davlat ulushini sotib olish imkoniga ega bo‘ladi va 36 ta turistik tuman va viloyat markazlarida mehmonxona qurish uchun 30 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi. Turizm solig‘i yangi qarorga ko‘ra chekka hududlarda bekor qilinadi, ammo yirik shaharlar va turistik markazlarda saqlanadi.   Mo‘ynoqda nazoratsiz otilgan gaz qudug‘i muvaffaqiyatli «jilovlandi» Mo‘ynoqdagi 5000 metrlik quduqdan katta bosimda otilgan gaz oqimi hodisadan bir oy o‘tib muvaffaqiyatli nazoratga olindi. Hodisa paytida hech qanday inson zarari yoki baxtsiz holat kuzatilmagan. Vaziyatni bartaraf etish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ maxsus tezkor Shtab tashkil qilib, unga favqulodda vaziyatlar vazirligi, mahalliy hokimlik va xalqaro hamkor mutaxassislar jalb qilindi. Shtab maxsus «Yo‘l xaritasi» asosida amaliy choralarni bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Bir necha kunlik mashaqqatli ishlar natijasida quduq nazoratga olindi, hozirda xavfsiz ekspluatatsiya uchun tekshirish va tegishli texnologiya jarayonlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, 200 nafar mutaxassisga «O‘zbekneftgaz» tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.   Sekinlashuv: O‘zbekistonda xorijdan pul o‘tkazmalari II chorakda atigi 21 foizga o‘sdi 2025 yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonga mehnat muhojirlari tomonidan jami 4,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi, bu o‘sish o‘tgan yilning mos davridagi 38,6 foizga nisbatan sekinlashib, 21,4 foizni tashkil etdi. AQSH, Rossiya va Yevropadan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining pasayishi kuzatildi, shu bilan birga Boltiqbo‘yi davlatlari va boshqa mintaqalardan o‘tkazmalar hajmi jadal o‘sishda bo‘ldi. Rossiya hali ham eng yirik manba bo‘lib, birinchi yarim yillikda jami 8,2 milliard dollar pul o‘tkazilgan, shundan 6,4 milliard dollari Rossiyadan kelgan. Iqtisodchi To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, Rossiyada migrantlarga qo‘yilgan cheklovlar va G‘arb davlatlarining sanksiyalari pul o‘tkazmalari miqdorining pasayishiga olib kelmoqda. AQSH va Yevropada ham migrantlar uchun qo‘yilayotgan cheklovlar va til muammolari ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Rossiyada arzon ishchi kuchi jalb etilishi bizning muhojirlar uchun raqobatni kuchaytiradi, bu esa kelgusida pul o‘tkazmalari o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Batafsil Vaqt.uz e’lon qilgan tahlilda tanishishingiz mumkin. Davlat xaridlarida 4,3 milliard so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlandi O‘zbekistonda 4,3 milliard so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, tenderlarda ishtirokchilar noxolis baholangan, affillangan kompaniyalar ishtirok etgan va shartnomalar qonuniy talablarga javob bermagan holatlar kuzatilgan. Misol uchun, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tenderlarida qonunbuzarliklar sodir bo‘lgan va moliyaviy jarimalar qo‘llangan. Shuningdek, Samarqand, Sirdaryo va Kosondagi tenderlarda ham qonunchilik buzilgani aniqlanib, mansabdor shaxslarga ma’muriy choralar ko‘rildi va ishlarni sud organlariga yo‘naltirish majburiy qilindi. Qonun talablariga muvofiq, davlat xaridlarida barcha ishtirokchilar teng sharoitda va shaffof baholanishi, affillangan korxonalarning qatnashishi esa raqobatga zid hisoblanishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid

Xususiylashtirish taqiqlangan stadionlar, Mo‘ynoqda jilovlangan gaz va davlatdan «o‘g‘irlangan» 4,3 mlrd so‘m – 26 avgust dayjesti | Vaqt.uz