add

XVJ O‘zbekistonning daromadlar deklaratsiyasi qonunini qabul qilish rejasini olqishladi

Kecha 11:352063 daqiqa

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonda fuqarolar daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish bo‘yicha qonunchilik harakatlanishi qayta faollashganini ijobiy baholadi.

XVJ O‘zbekistonning daromadlar deklaratsiyasi qonunini qabul qilish rejasini olqishladi

XVJ missiyasi bayonotida mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash, ma’lumot beruvchilarni himoya qilish va davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishga oid qonunlarni ishlab chiqish jarayoni olg‘a siljigani qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Daromadlar deklaratsiyasi — bu jismoniy yoki mansabdor shaxs o‘zining ma’lum bir davrda olgan barcha daromadlari va ayrim hollarda mol-mulki, aktivlari hamda majburiyatlari haqida davlat organlariga rasmiy ravishda hisobot taqdim etishi hisoblanadi.

Qisqacha aytganda, kim qancha daromad olgani, qanday aktivlarga egaligi va bu daromad qayerdan kelib tushgani haqida ochiq ma’lumot berish jarayonidir.

Daromadlar deklaratsiyasining maqsadlari:

— Korrupsiyaning oldini olish: davlat xizmatchilari daromad manbalari shaffoflashadi;

— Soliq tushumlarini oshirish: noqonuniy yoki yashirin daromadlar yuzaga chiqadi;

— Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish: mansabdorlar moliyaviy holati oshkora bo‘ladi;

— Konflikt manfaatlarni aniqlash: davlat xizmatida shaxsiy manfaat ta’sirini kamaytiradi.

Qaysi davlatlarda qo‘llaniladi?

Ko‘plab mamlakatlarda (Yevropa, Janubiy Koreya, AQSH, Qozog‘iston va boshqalar) davlat xizmatchilari, deputatlar, sudyalar, prokurorlar va ba’zi hollarda barcha fuqarolar daromad deklaratsiyasini to‘ldirishi shart.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

O‘zbekiston 2017 yildan beri daromadlar deklaratsiyasi tizimini joriy etishni rejalashtirib kelmoqda. Mart oyida Prezident mazkur hujjatni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish vazifasini belgilagan edi. XVJ va boshqa xalqaro tashkilotlar bu qadamni qo‘llab-quvvatlayapti. Qonun loyihasi o‘rta muddatda parlamentga taqdim etilishi kutilmoqda.

XVJ missiyasi rahbari Yassir Abdix O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha 2026 yil martigacha rejalashtirilgan «barqaror va maqtovga loyiq» harakatini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, boshqaruv tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi islohotlar va shaffoflikni oshirish iqtisodiy samaradorlik hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilaydi.

Bayonotga ko‘ra, korrupsiya haqida xabar berganlarni himoya qilish hamda aktivlar va daromadlar deklaratsiyasiga doir qonun loyihalari parlament muhokamasiga tayyorlanmoqda. XVJ bu harakatlarni olqishlab, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganini ham muhim qadam sifatida baholadi.

Missiya hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini saqlayotgani qayd etilgan. Joriy yilning birinchi uch choragida real YAIM 7,6 foizga o‘sgani, inflatsiya bosqichma-bosqich pasayayotgani, tashqi savdo balansida esa oltin narxlari yuqoriligi tufayli ijobiy dinamika kuzatilgani aytiladi. XVJ 2026 yilda YAIM o‘sishi 6 foiz atrofida bo‘lishini, inflatsiya esa 2027 yilga borib Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsadga yaqinlashishini taxmin qilmoqda.

Missiya davlat xarajatlarini nazorat qilish, ortiqcha budjet daromadlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarish, inflyatsiyani jilovlash va banklar ustidan nazoratni kuchaytirish muhimligini urg‘uladi. Shuningdek, davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarni xususiylashtirish va korporativ boshqaruvni yaxshilash xususiy sektor o‘sishini tezlashtirishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonda davlat xizmatchilari daromadlari va mulkini deklaratsiya qilish, shuningdek korrupsiya holatlarini fosh etuvchi informatorlarni himoya qilishga doir qonun loyihalari ishlab chiqilganini ma’lum qilganligi haqida xabar berilgan edi. XVJ missiyasi bayonotida qayd etilishicha, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani va qolgan ikki hujjatning parlament muhokamasiga tayyorlanayotgani ijobiy qadam sifatida baholangan.

Teglar

Mavzuga oid