add

«Yadroviy quroldan voz kechamiz, ammo uranni boyitishdan to‘xtamaymiz» — Eron prezidenti

16.06.2025 | 13:1535464

Eron rahbari Mas’ud Pizishkiyon Isroilning havo hujumlariga qaramay, mamlakat yadroviy qurol ishlab chiqarish niyatida emasligini ta’kidladi. Uning ta’biricha, Eron faqat tinch maqsadlarda uran boyitishda davom etadi.

«Yadroviy quroldan voz kechamiz, ammo uranni boyitishdan to‘xtamaymiz» — Eron prezidenti
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon parlamentda qilgan chiqishida Isroil tomonidan mamlakat hududiga qilingan zarbalarga javob berdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning harbiy va razvedka amaliyotlari Eron xalqi irodasini sina olmaydi. Pizishkiyonning so‘zlariga ko‘ra, «qahramonlarni yiqitish bilan dushman Eronni yo‘q qila olmaydi, chunki har bir yiqilgan qahramon o‘rnini yuzlab boshqalar egallaydi va zulmga qarshi kurashni davom ettiradi». U shuningdek, Eron hech qachon tajovuzkor bo‘lmaganini va hozirda AQSH bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini bildirdi. Prezident yana bir bor Eron yadroviy qurol ishlab chiqarish niyatida emasligini qayd etib, «G‘arb Eronda yadroviy qurol bo‘lmasligi kerak, deb aytadi. Lekin biz bunday qurol yaratish niyatida ham emasmiz», — dedi. Shu bilan birga, Pizishkiyon mamlakatning tinch maqsadlarda uran boyitish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Eron yadroviy energiyadan foydalanish huquqini xalqaro shartnomalar doirasida amalga oshirishda davom etadi. Qarshi tomonlar o‘rtasidagi tortishuv juma kuni Isroil tomonidan Erondagi harbiy va yadroviy ob’ektlarga berilgan zarbalardan boshlandi. Ushbu hujumlarda yuqori martabali harbiylar va olimlar halok bo‘lgan. Tehron javob zarbalari bilan ish boshladi va ikkala tomon o‘rtasidagi to‘qnashuv shiddati keskin oshib bormoqda. Mutaxassislar ushbu ziddiyat butun Yaqin Sharqni qamrab olishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Shuningdek, Isroil armiyasi G‘arbiy Eronda raketalar uchirilishiga tayyor holda turgan qurilmalarga ham zarba berilganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid