add

Yadroviy zarar uchun Vena konvensiyasiga qo‘shilish haqidagi Qonun Senat tomonidan ma’qullandi

Oliy Majlis Senati Vena konvensiyasiga qo‘shilishni ma’qullab, yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi va xalqaro kafolatlarni ta’minlashga qadam qo‘ydi.

Yadroviy zarar uchun Vena konvensiyasiga qo‘shilish haqidagi Qonun Senat tomonidan ma’qullandi
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilishi orqali mamlakatda fuqarolik yadro ob’ektlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalar natijasida yetkazilgan zararlar uchun javobgarlik rejimi, to‘lov tartibi va zaruriy tamoyillar xalqaro standartlar asosida joriy etiladi. Konvensiyaning asosiy maqsadi – yadroviy qurilma operatorining javobgarligini aniq belgilash, yadroviy zarardan moliyaviy himoyani ta’minlash va minimal talablarni shakllantirishdan iborat. Bu orqali mamlakat aholisi yadroviy falokat yuz bergan holatda kafolatli to‘lovlar bilan ta’minlanadi. Vena konvensiyasiga qo‘shilish O‘zbekiston uchun xalqaro miqyosda tan olingan zararni qoplash mexanizmlarini joriy etish, yadro ob’ektlari operatorlarining majburiyatlarini aniq belgilash va zarur moliyaviy kafolatlar yaratish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur qadam milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni kuchaytiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasida zamonaviy standartlarga rioya qilishga xizmat qiladi. O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi orqali mamlakat yadroviy energetika va xavfsizlik sohasida xalqaro huquqiy maydonda faol ishtirok etadi, yadroviy zarardan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish kafolatlanadi va yadro energetikasi sohasida sug‘urta hamda kompensatsiya tizimlari joriy etiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorligi kengayadi va ushbu agentlik doirasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi. Qonun Senat a’zolari tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi. Avvalroq qonun loyihasi Senatga yuborilgani va u tasdiqlansa, O‘zbekiston rasman Vena konvensiyasiga qo‘shilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid