
Yakka tadbirkorlarga tilla savdosiga ruxsat, imtiyozlar kengaymoqda
26.05.2025 | 12:4040063
Endilikda zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida rasman tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Prezident tashabbusi bilan sohani «soya»dan chiqarish, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlar yaratishga qaratilgan keng qamrovli choralar qabul qilindi.

O‘zbekistonda zargarlik sohasini qonuniylashtirish va sanoatlashtirish bo‘yicha davlat tomonidan yangi qadamlar tashlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda yakka tadbirkorlarga tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishga ruxsat berish masalasi ma’qullandi.
Shuningdek, mahalliy hokimlik va mutasaddi tashkilotlarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularni rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu orqali yuzlab fuqarolarning mehnati qonuniy maydonga chiqarilishi kutilmoqda.
Sohani rivojlantirish maqsadida bir qator iqtisodiy imtiyozlar ham joriy etiladi. Xususan:
— chetdan zargar dizaynerlar, texnologlar va gemmologlarni olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi davlat tomonidan qoplab beriladi, agar ular kamida 5 nafar shogird tayyorlasa;
— zargarlik sanoati uchun uskunalar va ularning butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi;
— Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi;
— nufuzli xalqaro brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun dizayn va qoliplarni olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Yig‘ilishda shuningdek, zargarlik sohasida ham sanoat usuliga o‘tish, ichki bozorni himoya qilish, milliy brendlar yaratish va sohani eksportbop tarzda rivojlantirish vaqti yetgani alohida ta’kidlandi.





