add

Yangi Cobalt chiqmoqda: nima o‘zgarishlar bo‘ldi?

09.09.2025 | 18:0018058

Chevrolet Uzbekistan Cobalt 2025 chiqarilganini ma’lum qildi. Uning tashqi ko‘rinishida deyarli hech qanday o‘zgarish yo‘q, faqatgina panel jihozlari va rul qismida yangilanishlar qilingan.

Yangi Cobalt chiqmoqda: nima o‘zgarishlar bo‘ldi?
Kompaniya Cobalt’ning yangi versiyasini e’lon qildi, lekin uning narxlari va qachondan boshlab sotuvga chiqarilishini ochiqlamadi. «Avtostrada» nashrining yozishicha, yangi Cobalt shu yilning o‘zida taqdim etiladi va dastlabki xaridorlarga sotuv ochiladi.   Qanday o‘zgarishlar qilindi? Avtomobilning tashqi ko‘rinishida deyarli yangilik yo‘q. Biroq salon qismida bir nechta o‘zgarishlar qilingan. Unda dvigatel harorati datchigi bilan jihozlangan Tracker 1 asboblar paneli, telefon avtomobil tizimiga oson ulash uchun Android Auto va Apple CarPlay funksiyali MyLink sensorli multimedia tizimi mavjud bo‘ladi. Bundan tashqari, Cobalt’ning rul qismida multimedia boshqaruvi, kruiz-kontrol va old o‘rindiq isitgichlari qo‘yildi. Odatda bu qismlar «ko‘chada» o‘rnatilsa, bu taxminan 900 dollarga tushadi. Qolgan joylari esa 12 yil avvalgi o‘sha-o‘sha eski Cobalt.   Cobalt 2025 qancha bo‘lishi mumkin? «Avtstrada» prognoziga ko‘ra, Cobalt 2025 narxi taxminan 160–170 mln so‘m (13–14 ming dollar) atrofida bo‘lishi mumkin. 2024 yil oktyabrda Cobalt narxi uning faqatgina chirog‘ini qoraytirish bahonasida 7,3 mln so‘mga oshirilib, 155,2 mln so‘mgacha sotilgan edi. Vaqt.uz jurnalicti Sergeli avtomobil bozoridagi surishtiruvlariga ko‘ra, Cobalt oxirgi 2 oyda 300–400 dollar atrofida qimmatlashgani ma’lum bo‘lgandi. Sotuvchilar ham sentyabr oyidan boshlab Cobalt va Gentra narxi yana oshishi kutilganini aytishgan. Ma’lumot uchun, UzAuto Motors monopolist korxona bo‘lganligi sababli, narxlar sotuv boshlanishidan 15 kun oldin rasman e’lon qilinishi shart. «Raqobatli normal dunyoda rosmana yangilangan versiyadagi avtomobillar, qoida tariqasida eskisidan arzonroq yoki eskisining narxida sotuvga chiqarilsa, sho‘rpeshona iste’molchilari tanlovsiz O‘zbekistonda avtomobildagi har qanday o‘zgarish bu narx oshirib olish vositasiga aylangan», — deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.   Cobalt ishlab chiqarish 3 oy ketma-ket qisqardi O‘zbekistonda Cobalt ishlab chiqarish oxirgi 3 oyda o‘tgan yilning tegishli oylariga nisbatan qisqarib bormoqda. Masalan, ​​2025 yil iyun oyida 14 ming 198 ta Cobalt ishlab chiqarilgan, 2024 yil iyunida esa 15 ming 406 ta. 2025 yil may oyida 14 ming 457 ta, 2024 yil may oyida 15 ming 838 ta Cobalt ishlab chiqarilgan.  [caption id="attachment_16276" align="aligncenter" width="633"]Cobalt infografika Infografika: Vaqt.uz[/caption] Umuman olganda, 2025 yilning 2-choragida 2024 yilning 2-choragiga solishtirganda Cobalt ishlab chiqarish 3 ming 698 taga kamaygan.   UzAuto rahbarlari nima deydi? «Renessans» telekanalidagi «Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan» ko‘rsatuvida UzAuto Motors rahbarlari kompaniyaning bugungi holati va 3–5 yillik kelajagi haqida suhbatlashdi. Ayni paytda ishlab chiqarish quvvati 550 ming avtomobilga yetgan bo‘lib, 2030 yilga qadar yillik 1 million donaga chiqish rejalashtirilgan. Kompaniya aksiyadori yaqin yillarda SUV segmentida (keng imkoniyatli katta avtomobil bozorida) 8 ta yangi modelni taqdim etishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, UzAuto Motors ichki bozor bilan cheklanib qolmasdan, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Gurjiston va Mug‘uliston kabi yangi bozorlarga chiqishni maqsad qilgan. Joriy yilning o‘zida 23 mingdan ziyod avtomobil eksport qilingani bu rejalarning amaliy ko‘rinishi sifatida qayd etildi. Bundan tashqari, Cobalt’ni tubdan yangilash, Tracker va Onix modellarini esa 80 foizgacha mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda.   Cobalt 2 yangilanish tarixi Cobalt 2 yangilanishi ilk bor Braziliyada amalga oshirilgan edi. Biroq Chevrolet Onix arzonroq bo‘lgani sababli, bu model ko‘p o‘tmay ishlab chiqarishdan olib tashlandi. Cobalt 2 chiqishi haqidagi rejalar avval UzAuto Motors’ning IPO jarayonida tasdiqlangan. Keyinchalik muddatlar bir necha bor ko‘chirildi va 2024 yilda Cobalt 2 rasman 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritildi. Shu doirada UzAuto Motors Chevrolet Cobalt’ni yangilash uchun 67,4 mln dollar sarmoya yo‘naltirishni rejalashtirgan. Mutaxassislar fikricha, salon yangilanishidan so‘ng zavod tomonidan yangi kuzovdagi versiyani ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yildan «chiroyli» raqamlarni auksion orqali sotish amaliyoti bekor qilinishi haqida xabar berilgan edi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid