add

Yangi davlat, yangi mojaro: Netanyahu Somalilendni tan oldi

Bugun 15:492 daqiqa

Netanyahuning qarori mintaqada keskin munosabatga sabab bo‘ldi. Somali, Misr, Turkiya va Jibuti rasmiylari darhol telefon muloqoti o‘tkazib, Isroilning qaroriga qarshi ekanini e’lon qildi.

Yangi davlat, yangi mojaro: Netanyahu Somalilendni tan oldi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Somalilendni «mustaqil va suveren davlat» sifatida tan olinganini e’lon qildi. Bu haqda Isroil hukumati rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Bosh vazir bugun Somalilend Respublikasini rasman mustaqil va suveren davlat deb tan olinganini e’lon qildi. Netanyaxu, Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar va Somalilend Respublikasi prezidenti (Abdurahmon Muhammad Abdullohiy) qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Mazkur deklaratsiya AQSH prezidenti (Donald) Tramp tashabbusi bilan imzolangan «Ibrohim kelishuvlari» ruhiga mos keladi», — deyiladi bayonotda.

Hukumat devoni, shuningdek, Isroil Somalilend Respublikasi bilan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, texnologiya va iqtisodiyot sohalaridagi keng ko‘lamli hamkorlik orqali aloqalarni zudlik bilan mustahkamlashni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, qaror xalqaro maydonda keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Somali, Misr, Turkiya va Jibuti tashqi ishlar vazirlari Isroil tomonidan Somalilendning mustaqil davlat sifatida tan olinishini keskin qoraladi.

The Times of Israel nashrining xabar berishicha, bu haqda Misr Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida ma’lum qilingan. Mazkur bayonot vazirlik rahbarining Somali, Turkiya va Jibutilik hamkasblari bilan o‘tkazgan telefon muloqotidan so‘ng e’lon qilingan.

«Vazirlar ushbu qarorni qoralab, uni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini tasdiqladi. Shuningdek, ular Somalining birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladi», — deyiladi Misr TIV bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, Somalilend Somalining shimoli-g‘arbida, Qizil dengiz sohilida joylashgan bo‘lib, 1991 yilda bir tomonlama mustaqillik e’lon qilgan. Biroq hozirga qadar u xalqaro hamjamiyat tomonidan davlat sifatida tan olinmagan edi.

Teglar

Mavzuga oid