
Yangi korxonalar tashkil etishda qaysi hudud yetakchi?
28.09.2025 | 19:5841653
O‘zbekistonda joriy yil yanvar–avgust oylarida 58 mingdan ortiq yangi korxona va tashkilotlar tashkil etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,1 foiz ko‘p.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi biznes sub’ektlari eng ko‘p Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Poytaxtda 12 796 ta korxona tashkil etilgan bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning beshdan bir qismini tashkil qiladi.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati 5 788 ta korxona bilan qayd etilgan. Xorazm viloyatida esa 5 251 ta yangi sub’ekt faoliyat boshlagan. Bu hududlar iqtisodiy faollikda yetakchilik qilayotgani ko‘zga tashlanadi.
Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida mos ravishda 4 814 va 4 429 ta korxona ochilgan. Qashqadaryoda 3 654 ta, Surxondaryoda 3 395 ta va Buxoroda 3 268 ta yangi tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tgan. Bu hududlar ham ishbilarmonlik muhitida sezilarli o‘sish ko‘rsatmoqda.
Namangan va Andijonda 3 mingdan ortiq, Qoraqalpog‘istonda qariyb 2,7 ming, Jizzaxda 2,5 ming va Navoiyda 2,2 mingga yaqin yangi korxona tashkil etilgan. Sirdaryo viloyatida esa bu ko‘rsatkich 1 484 tani tashkil etib, eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, respublikada 465,6 mingta korxona va tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 395,6 mingtasi yoki 85 foizi kichik korxona va mikrofirmalar ulushiga to‘g‘ri keladi.





