
Yangi layfhak: navbatda turish pulli xizmatga aylantirildi
20.05.2025 | 15:5635544
Yangi yondoshuv asosida ish boshlagan Robert Samuel Nyu Yorkdagi navbatga turishni daromad manbaiga aylantirdi — u va uning jamoasi boshqalar o‘rnida turib berish orqali soatiga 40 dollargacha pul ishlamoqda.

49 yoshli Robert Samuel Nyu Yorkda Same Ole Line Dudes nomli kompaniyaga asos soldi. Uning xodimlari soatiga 25–37,5 dollar evaziga mijozlar uchun navbatda turadi. Ushbu biznes 2013 yilda mashhur «kronat» ponchiklari atrofidagi ajiotajdan boshlangan va hozirda 45 kishi ishlaydigan to‘liq xizmat ko‘rsatish tizimiga aylangan. Ular sud ishlaridan tortib, Brodvey chiptalari va restoranlar uchun navbatda turadi.
Hozirgi kunda Samuelning asosiy daromadlaridan biri Shon «Diddi» Kombsga oid sud jarayonidagi navbatlar hisoblanadi. Bu sud uchun soatlik to‘lov 32 dollarni tashkil etmoqda. Mijozlar orasida New York Times va Washington Post kabi nashrlar va blogerlar ham bor.
Same Ole Line Dudes xizmati 50 dollarga ikki soatlik minimal narxdan boshlanadi. Keyingi har soat uchun 25 dollar, yomg‘ir, qor yoki issiq havoda ishlaganda — har soatga 3 dollar qo‘shimcha haq belgilangan. Tungi vaqt (00:00–07:00) uchun 15 dollar, shoshilinch buyurtmalar uchun 20 dollar ustama undiriladi. Yangi yil va «Supreme» kabi mahsulotlar chiqariladigan paytlarda esa xizmat haqi 1,5 barobarga oshiriladi.
Samuel oldin AT&T kompaniyasida sotuvchi bo‘lib ishlagan. 2012 yilda u yangi iPhone uchun navbatda turish xizmati haqida Craigslist’ga e’lon bergan. Birinchi mijoz undan voz kechgandan so‘ng, u navbatdagi o‘rnini boshqa odamga 100 ga sotgan va bir kunda 300 dollar ishlab topgan.
Keyin u ijtimoiy tarmoqda sahifalar ochib, biznesni kengaytirdi. Ayni vaqtda Samuel va uning jamoasi mashhur «kronat»lardan tortib, Donald Trampning sudi yoki Berkashayr Hetaueyning aksiyadorlar yig‘ilishigacha bo‘lgan turli tadbirlar uchun navbatda turadi.
Samuelning fikricha, odamlar norozilik bildirgan har qanday holat — yangi biznes g‘oyasi uchun imkoniyatdir. U o‘z ishini yoqtiradi, chunki oddiy xizmat orqali boshqalarni xursand qilish mumkinligini aytadi.





