add

Yangi qonun: Yoqilg‘i-energetikaga oid huquqbuzarliklarga jazo kuchaytiriladi

Jinoyat kodeksida elektr, issiqlik energiyasidan, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo kuchaytirilishini ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Yangi qonun: Yoqilg‘i-energetikaga oid huquqbuzarliklarga jazo kuchaytiriladi© Фото:senat.uz

31 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida «Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, majlisda yoqilg‘i-energetika sohasida ta’sirchan davlat nazoratini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanishga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksida elektr, issiqlik energiyasidan, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda bunday qoidabuzarliklar uchun jazo choralarining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ushbu qonun yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda iqtisod qilingan energiya resurslarini sanoatning boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish, qolaversa, ularning eksportini oshirib, importini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi 2025 yil 15 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi qonun: Yoqilg‘i-energetikaga oid huquqbuzarliklarga jazo kuchaytiriladi | Vaqt.uz