add

Yangi soliq tartibi, amnistiya, tariflar: tadbirkorlarga qanday yengilliklar berildi?

21.08.2025 | 17:30391813

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, eksport, turizm, investitsiya, bank va soliq sohalaridagi yangiliklarni ma’lum qildi. Vaqt.uz eng muhim yengilliklar va ularga jamoatchilik munosabatini jamladi.

Yangi soliq tartibi, amnistiya, tariflar: tadbirkorlarga qanday yengilliklar berildi?
YATT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi huquqiy rejim tashkil qilinadi Tadbirkorlar bilan muloqot oldidan 26 ta sohada 7 mingga yaqin vakillar va 13 mingdan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqilgan. Qarorga ko‘ra, kichik loyihalardan ish boshlagan YATT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Endi ular ro‘yxatdan o‘tish va hisobot topshirishni yagona raqamli platforma orqali, elektron imzosiz, faqat biometrik tasdiq va SMS orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.   Tadbirkorlarga universal QR kod va yangi soliq tartibi yaratiladi 2025 yilning 1 noyabridan tadbirkorlarga barcha mobil to‘lov ilovalarida ishlaydigan universal QR-kod beriladi. Bu hisob-kitob jarayonlarini soddalashtiradi. Kelasi yil 1 yanvardan yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun yagona tartib joriy etiladi: ular aylanmadan 1 foiz miqdorida soliq to‘laydi. Misol tariqasida, aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor hozirgi qat’iy soliq o‘rniga, yillik ko‘pi bilan 1 mln so‘m to‘laydi. Aylanmasi 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar esa avvalgiga nisbatan 3–4 barobar kam soliq to‘laydi.   Eksportchilarning qarzdorlik jarimasi 1 yilga kechiktiriladi Endi davlat ulushiga ega bo‘lmagan korxonalar uchun eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinadi. Avvalroq, bu masala 4 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ko‘tarilgan edi. Tadbirkorlar qarzni 2–3 oyga kechiktirishni so‘rashgan, prezident esa bir yillik to‘liq moratoriyni tasdiqladi.   Davlat ob’ektlari va yer uchastkalari ijara narxi inflyatsiya darajasidan oshirilmaydi Endi davlat ob’ektlari va yer uchastkalari ijarasida yillik narx inflyatsiya darajasidan ortiq ko‘tarilmaydi. Shuningdek, kelgusi yildan davlat aktivlari besh yil muddatga ijaraga beriladi. Faqat ijarachi o‘zi xohlaganda yoki majburiyatlar bajarilmaganda shartnoma bekor qilinishi mumkin.   Xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalar 30 yil ijara haqi to‘lamaydi Qamrovi 70–80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga davlat yerlarida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi. Yer uchun ijara haqi 30 yilgacha undirilmaydi, davlat tomonidan har bir bolaga belgilangan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi. Bundan tashqari, ushbu tumanlarda boshqa joylarda bog‘cha tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Faoliyati o‘zgartirilmagan holda yer tekinga beriladi, ijtimoiy soliq miqdori 1 foiz qilinadi, tarbiyachilarning maoshi esa uch yil davomida davlat hisobidan to‘lab beriladi.   Tadbirkorlarga o‘ziga xos «amnistiya» beriladi QQS stavkasi 12 foizga tushirilgani sababli bu soliq rejimiga o‘tayotgan tadbirkorlar soni ortmoqda. Biroq ko‘pchilik hisob-kitob murakkablashadi, xarajat ko‘payadi, deb shubhalanmoqda. Shu bois, aylanmadan QQSga o‘tgan korxonalar 1 yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi. Hisobotda xato bo‘lsa ham jarima qo‘llanmaydi. Buxgalter maoshining 5 mln so‘mgacha qismi 6 oy davomida soliqdan chegirib tashlanadi. bugungi tekshiruvlarda 20 mingdan ortiq tadbirkorlarda 16 trln so‘mlik xato aniqlangan. Prezident ma’lum qildiki, bu safar jazolanmaydi, balki 1 noyabrgacha xatolarni ixtiyoriy tuzatish imkoniyati beriladi. Shundan so‘ng biznes vakillari tadbirkorlik reytingida «toza sahifadan» boshlaydi. «Bu ko‘plab tadbirkorlar uchun juda ham yaxshi yangilik. Xos ma’lumotlarga ko‘ra, bu yangilikning orqasida ter to‘kkanlar Soliq tizimi rahbarlari. Ko‘z tegmasin, soliq tizimi ham Soliq qo‘mitasi ham oxirgi yillarda ancha o‘zgardi. Ilgari tadbirkor uchun “hujumchi idora” bo‘lib ko‘ringan tizim hozir asta-sekin tadbirkorning sherigiga aylanyapti», — deb iqtisodchi Otabek Bakirov yuqoridagi qarorga nisbatan munosabat bildirdi.   Xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflar qayta ko‘rib chiqiladi Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan tariflar borasida 130 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdan kelib chiqib, Bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga mas’ul o‘rinbosarlariga 1 noyabrgacha har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Arzon xomashyo bilan ta’minlash maqsadida 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi. «Importga qo‘yilgan bojlar nafaqat odamlarni sifatsiz va qimmat tovar olishga majburlab, ularni kambag‘alroq qiladi. Balki xomashyoni qimmatlashtirgani uchun bu orqali eksport raqobatbardoshligini ham tushiradi. Mana shu joyda asosiy savol quyidagi bo‘lishi kerak: o‘zi nima xomashyo, nima xomashyo emas? Iqtisodiyotda barcha tovarlar qaysidir ma’noda xomashyo. Masalan, neftni hech kim shundoqligicha iste’mol qilmaydi, uni qayta ishlash kerak. Nonni esa odamlar shundoqicha iste’mol qiladi. Ammo bu non xomashyo emas, deyish uchun asos bo‘lmaydi», — deb iqtisodchi jurnalist Bahodir Abdullayev Telegram kanalida yozmoqda.   Litsenziya va ruxsatnomalar soni qisqaradi 2026 yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi. Jumladan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari va transport texnik ko‘rigini amalga oshiruvchi tadbirkorlar endi litsenziyasiz, xabardor qilish tartibida ish boshlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yangi tizimga ko‘ra, litsenziya yoki ruxsatnoma shartlari buzilgan taqdirda jarima faqat korxonaning o‘ziga qo‘llanadi. Korxona rahbarining shaxsiy javobgarligi esa tegishli boshqaruv organlari tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi. «Biznes uyushmalari qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi. Shu bois, o‘z sohasining jonkuyari bo‘lgan eng ilg‘or 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni to‘plab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini o‘rgatsa, yangi bilim va texnologiyalar olib kirsa, tadbirkorlikdagi ko‘p muammolarni biznes hamjamiyatining o‘zi hal qila oladigan bo‘ladi. Bunday yo‘ldan borib, tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘ladigan uyushmalarni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», — dedi ochiq muloqot davomida Prezident. Bundan tashqari, oziq-ovqat nazoratini yagona tizimiga birlashtirish, bozor nazoratini joriy qilish, sud mustaqilligini ta’minlash va hokazolarga oid yangilik va qarorlar e’lon qilindi.

Teglar

Mavzuga oid