add

Yangi Toshkent birinchi metro liniyasi qurilishi 2026 yilda yakunlanadi

14.08.2025 | 16:303253

2026 yil oxirigacha Turkiya kompaniyasi tomonidan qurilayotgan Yangi Toshkentning ilk metro yo‘li foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkent birinchi metro liniyasi qurilishi 2026 yilda yakunlanadi
Yangi Toshkent shahar qurilishi direksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, metro yo‘li 8 km uzunlikda bo‘lib, 3 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Loyiha «Do‘stlik» bekatidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yo‘nalishning bir qismi hisoblanadi. Dastlabki rejada 4 ta bekat qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, hozirgi bosqichda 3 ta bekat bilan cheklanish belgilangan. Metro qurilishi qiymati 110 mln dollar etib belgilangan. Mablag‘ning 11 mln dollari 2025 yilda, qolgan 99 mln dollari esa 2026 yilda o‘zlashtiriladi. Loyihaga sarmoya kiritayotgan kompaniya — Turkiyaning Xvav Yapi Sanayi Ve Tij.A.Sh. bo‘lib, u qurilish, sanoat va savdo sohalarida faoliyat yuritadi. Metro qurilishi shahar infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘l harakatini yengillashtirish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Avvalroq, Yangi Toshkent shahriga metro yo‘li qurilishi haqida xabar bergan edik. U hozirgi «Do‘stlik» metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Aytilishicha, uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yo‘lovchilarni qamrab ololadi. Bundan tashqari, metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Buni 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Toshkent halqa yo‘ligacha yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasining shoh bekatigacha yerosti yo‘li barpo etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi Toshkent birinchi metro liniyasi qurilishi 2026 yilda yakunlanadi | Vaqt.uz