add

Yangi Toshkentda zamonaviy yer osti bog‘lamalari quriladi

26.10.2025 | 23:004171

Yangi Toshkent loyihasi doirasida faqat yer usti binolari emas, balki qulay va inklyuziv yer osti infratuzilmasi ham barpo etiladi. Bu tizim shaharning zamonaviy qiyofasini belgilaydi.

Yangi Toshkentda zamonaviy yer osti bog‘lamalari quriladi

Yangi Toshkent shahrining zamonaviy arxitekturaviy konsepsiyasida yer osti infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratilgan. Loyihalarga ko‘ra, yangi shaharning markaziy qismida ko‘p funksiyali yer osti bog‘lamalari barpo etiladi. Ular nafaqat transport va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini, balki turli jamoat ehtiyojlarini ham qamrab oladi, deb xabar qiladi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi.

Mazkur yer osti majmualarida aholi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi: avtomobil yuvish joylari, elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, velosiped turargohlari, shuningdek, ota-onalar uchun qulay bola parvarishi xonalari tashkil etiladi.

Eng muhimi, ushbu inshootlar nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga to‘liq moslashtiriladi. Ular uchun maxsus to‘xtash joylari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari va panduslar xalqaro standartlar asosida quriladi.

Shu tarzda Yangi Toshkent nafaqat me’moriy yechimlari, balki inklyuziv, xavfsiz va qulay shaharsozlik tamoyillari bilan ham ajralib turadi. Yer osti bog‘lamalari yangi shahar hayotining zamonaviy, ekologik va funksional qismiga aylanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid