add

Yangi transport vositalari uchun ekologik sertifikat talablari bekor qilindi

22.09.2025 | 13:3033873

O‘zbekistonga olib kiriladigan «M» va «N» toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalariga endi ekologik sertifikat talab etilmaydi. Buning uchun importchi «O‘zstandart»ga avtomobil Euro-4 standartidan kam emasligini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirsa bas.

Yangi transport vositalari uchun ekologik sertifikat talablari bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Respublikada g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, mamlakatga olib kiriladigan «M» va «N» toifadagi g‘ildirakli yangi transport vositalari uchun ekologik toifa talablariga muvofiqligini alohida ekologik sertifikatlash tartibi bekor qilindi.

Endi ushbu transport vositalarining ekologik talablarga muvofiqligi 2017 yil 25 apreldagi 237-son qaror bilan tasdiqlangan «Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament» asosida baholanadi. Mos talablar transport turini ma’qullash va muvofiqlik sertifikatlarida aks ettiriladi.

Shu bilan birga, elektr dvigatellari bilan jihozlangan g‘ildirakli transport vositalari (hibrid – ichki yonuv dvigateli va elektr motorida harakatlanuvchi avtomobillar bundan mustasno) ekologik toifa talablari bo‘yicha umuman baholanmaydi.

Mazkur o‘zgarishlar 2025 yil 27 fevralda qabul qilingan Prezident qarori (PQ–78) ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi xizmatlar sohasida barqaror rivojlanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda avtomobillardan atmosferaga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini kamaytirishga qaratilgan «Ekologik transport» tizimi amalda kechroq ishga tushirilishi haqida xabar bergan edik. Hukumat qaroriga ko‘ra, avval 2024 yildan boshlanishi rejalashtirilgan «Ekologik transport» tizimi navbatdagi kechiktirishdan so‘ng 2026 yil 1 yanvardan joriy etiladi. Dasturning maqsadi — avtomobillardan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalarni qisqartirish va ekologik nazoratni kuchaytirishdan iborat.

Teglar

Mavzuga oid