
Yapon vazirining hazili uni lavozimidan ayirdi
22.05.2025 | 15:2129024
Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri Taka Eto «men guruch xarid qilmayman, menga uni yetkazib berishadi» degan hazili bilan jamoatchilik g‘azabiga uchradi. Mamlakatda guruch narxining keskin oshib borishi fonida aytilgan bu gap siyosiy halokatga aylandi.

Yaponiya qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik vaziri Taka Eto o‘z tarafdorlari unga doim guruch sovg‘a qilishlarini ta’kidlab, u guruch xarid qilishga ehtiyoj sezmasligini aytdi. Hazil sifatida aytilgan bu bayonot esa, aksincha, katta norozilik keltirib chiqardi va uning iste’fosi bilan tugadi.
Mamlakatda yuzaga kelgan hayot farovonligi inqirozi ayniqsa guruchga qattiq ta’sir ko‘rsatdi – uning narxi so‘nggi bir yilda ikki baravarga oshdi. Import guruchi kamyob bo‘lgan bir paytda Etoning gaplari jamoatchilik g‘azabini keltirib chiqardi.
Bunday vaziyat Bosh vazir Shigeru Ishibaning hukumatini yanada zaiflashtirdi. Uning rahbarligi allaqachon jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi pasayishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan edi. Yaponiya tarixida guruch tanqisligi siyosiy beqarorlikka olib kelgan holatlar ko‘p bo‘lgan. 1918 yilda guruch isyoni butun boshli hukumatning ag‘darilishiga sabab bo‘lgan.
Ekspertlar guruch narxi oshishiga hukumatning noto‘g‘ri taxmini sabab bo‘lganini aytishmoqda. Ibaraki universiteti professori Kunio Nishikavaning ta’kidlashicha, 2023-2024 yillarda talab 7,05 mln tonnani tashkil qilgan bo‘lsa-da, hukumat 6,8 mln tonna deb baholagan. Ishlab chiqarish esa aslida 6,61 mln tonnadan oshmagan.
G‘alla yetishtirish ham murakkab ahvolda. Niagata viloyatidagi fermerlardan biri Kosuke Kasaxaraning ta’kidlashicha, guruch yetishtirish xarajatlari uning narxidan deyarli farq qilmaydi. Yosh fermerlar esa bu yo‘nalishda barqaror daromad ko‘rmasliklari sababli boshqa mahsulotlar yetishtirishga o‘tib ketishmoqda.
Hozirda guruch narxi 60 kilogramm uchun 40-50 ming iyengacha ko‘tarilgan. Hukumat mart oyida zaxiralardan guruch sotuvga chiqargan bo‘lsa-da, narxlar tushmagan. Ishibaning ma’muriyati hozirda AQSHdan guruch import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shu bilan birga, mamlakat 25 yilda ilk bor Janubiy Koreyadan ham guruch import qilishga majbur bo‘ldi. Ammo aholi orasida chet el guruchiga nisbatan ishonch past.





