
Yaponiyada inson tushlarini yozib olish texnologiyasi yaratildi
22.05.2025 | 22:0011733
Yaponiyada inson ongi sirli olami — tushlarni yozib olish va ularni qayta tiklash bo‘yicha ilg‘or texnologiya ishlab chiqildi. Kioto shahridagi ATR Computational Neuroscience laboratoriyasi tomonidan yaratilgan bu qurilma haqida internetdagi videolar keng muhokama qilinmoqda.

Bu texnologiya sun’iy intellekt va yuqori aniqlikdagi magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) yordamida faoliyat yuritadi. Uyqudagi inson miyasidagi neyronlar faoliyati real vaqt rejimida kuzatiladi. Keyin sun’iy intellekt algoritmlari ushbu signal va to‘lqinlarni vizual obrazlarga aylantiradi. Bu usul orqali insonlar nima tush ko‘rgani taxminan tasvirlanadi.
Loyiha rahbari professor Yukiyasu Kamitani shunday dedi:
«Biz miya faoliyati asosida tushlarda ko‘rilgan obrazlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Bu obrazlar testda qatnashganlarning tushlari bilan mos keldi. Bu inson ongini chuqurroq tadqiq qilishda katta qadamdir».Texnologiya hozirda sinov bosqichida bo‘lib, uning kelajakda psixologiya, ruhiy salomatlik, kino sanoati va video o‘yinlar sohalarida keng qo‘llanilishi kutilayotgani ta’kidlanmoqda. Internet foydalanuvchilari ushbu yangilikni ijobiy qabul qilmoqda: «Yaponlar kelajakda yashaydi,» «Hoziroq shunday qurilmani so‘rab olishni istardim,» «Endi tushlarimni eslab o‘tirishga hojat yo‘q.» Yaponiya olimlari inson ongining yangi sirlarini ochishga yaqinlashmoqda, bu esa ilm-fan va texnologiyada yangi bosqichni boshlashi mumkin.





