add

Yaponiyada «odam yuvadigan mashina» sotuvga chiqdi

01.12.2025 | 17:3817472 daqiqa

Mirai Human Washing Machine avtomatik ravishda odamni to‘liq yuvib, quritib beradi. Asosan lyuks spa markazlari uchun mo‘ljallangan mashinaning narxiga Toshkentning markazidan uchta uch xonali kvartira olsa bo‘ladi.

Yaponiyada «odam yuvadigan mashina» sotuvga chiqdi

Yaponiya texnologiya sanoati yana bir g‘aroyib va innovatsion mahsulotni bozorga olib chiqdi. Science Inc kompaniyasi odamlar uchun mo‘ljallangan Mirai Human Washing Machine — «odam yuvish mashinasi»ni rasman sotuvga chiqardi. Bu ma’lumotni Interesting Engineering nashri tasdiqladi. Uskuna joriy yil boshida Osakadagi Jahon ko‘rgazmasiga birinchi bor namoyish etilgan bo‘lib, endi yapon iste’molchilari uchun haqiqiy tovarga aylandi.

Kapsula yuqori texnologiyali avtomatik spa-kompleks sifatida ishlaydi: foydalanuvchi ichiga yonboshlab yotadi, eshik yopiladi va mashina mikropufakchalar yordamida butun tana bo‘ylab tozalashni boshlaydi. Pufakchalar teri g‘ovaklarigacha kirib, yog‘, kir va o‘lik hujayralarni samarali tozalaydi. Yakunda kapsula o‘zini ham yuvib tozalaydi, so‘ng qopqoqdan havo berib quritadi. Eng qizig‘i — butun jarayon tinchlantiruvchi musiqa bilan birga kechadi. Bir seans taxminan 15 daqiqa davom etadi.

Uskunaning o‘lchamlari anchagina katta: uzunligi 2,5 metr, kengligi 1 metr va balandligi 2,6 metr. Shu bois ko‘pchilik odamlar ichiga bemalol sig‘ishi mumkin. Qurilmada o‘rnatilgan datchiklar hushdan ketish, xavotir yoki boshqa salomatlik muammolarini oldini olish maqsadida foydalanuvchining ahvolini doimiy kuzatib boradi.

Mirai Human Washing Machine narxi 60 mln yapon iyenasi (385 ming dollar) bo‘lib, hozircha keng omma uchun mo‘ljallanmagan. Mahsulot, asosan, premium segmentdagi spa markazlari va mehmonxonalarga mo‘ljallangan. Kompaniya birinchi bosqichda 40–50 dona qo‘lbola yig‘iluvchi partiya ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bir yapon mehmonxonasi ilk uskunani xarid qilishga allaqachon rozilik bildirgan, yana 5–8 ta buyurtma navbatda turibdi.

Teglar

Mavzuga oid